
JIDUda O‘zbekistonning Fransiyadagi Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekistonning Fransiyadagi Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 30-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodir Mavzurovich G‘aniyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda JIDUning ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G. Ismailova, tegishli kafedra va bo‘lim vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Fransiyaning ta’lim va tadqiqot institutlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, yetakchi tahliliy markazlar vakillari ishtirokida ma’ruzalar va ekspert uchrashuvlarini tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda xalqaro tadqiqot loyihalarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Erasmus kabi grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun hamkorlarni izlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Fransiyada JIDU professor-o‘qituvchilari uchun til kurslari va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, shuningdek, fransuz universitetlari professorlarini JIDUga taklif qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Elchi taklif etilgan tashabbuslarni yuqori baholab, ularning ahamiyatini ta’kidladi hamda ularni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. N. G‘aniyev Fransiyaning universitetlari va tahlil markazlari Markaziy Osiyoning yetakchi ilmiy va ta’lim markazlaridan biri sifatida JIDU bilan hamkorlikka qiziqish bildirishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ilmiy va ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.