JIDUda “UWED MUN-2024” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
JIDUda “UWED MUN-2024” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 29-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida «UWED MUN-2024» ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Yu Jun, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman, Tashqi ishlar vazirligining BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘I Laziz Karaev, Jahon bankining “Davlat boshqaruvi sohasini takomillashtirish” loyihalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston Ekologik partiyasining yangi chaqiriq deputati Sherzod Kattakhodjaev, hamda JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o’rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev so’zga chiqib, o‘z nutqida zamonaviy dunyoda yoshlar yetakchiligi muhimligini ta’kidlab, ishtirokchilarni global muammolarni muhokama qilishda faol ishtirok etishga chorladi. Shuningdek, u xalqaro forumlarda ishtirok etish bo‘yicha shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, faqat muloqot va hamkorlik orqaligina sezilarli natijalarga erishish mumkinligini ta’kidladi.
"Aynan muloqot va hamkorlik orqali salmoqli natijalarga erishish mumkin va bu avlodning bo'lajak diplomatlari tinchlik o'rnatish va muammolarni hal qilish uchun mas'uldirlar"- deb ta’kidladi S.Safoyev.
Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Yu Jun shu o‘rinda Oʻzbekistonning BMTdagi konstruktiv va mas’uliyatli yondashuvini yuqori baholadi. U Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tiborining ortib borayotganini va mintaqaviy barqarorlikka qo‘shgan hissasini ta’kidladi. Xususan, u Oʻzbekistonning mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga qilgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikka boʻlgan yondashuvi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Biz Oʻzbekiston bilan birgalikda mintaqaviy muammolarni hal qilishda davom etamiz," — deya qoʻshimcha qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Modeli sifatida UWED MUN dunyoning murakkab muammolarini hal qilish uchun keyingi avlod rahbarlarini tayyorlaydi. Simulyatsiya doirasida ishtirokchilar diplomatiya tamoyillari bilan tanishadilar, notiqlik va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantiradilar hamda o‘zaro maqbul yechimlarni topishni o‘rganadilar.
UWED MUN klubi barcha yo‘nalish talabalari uchun ochiq. Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi, inson huquqlari va tinchlikni saqlash kabi dolzarb xalqaro muammolarni muhokama qilib, BMT qo‘mitalarining faoliyatini qayta tiklaydilar. Jamoalarda birgalikda ishlash hamkorlik va muzokaralar olib borish ko’nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
UWED MUN’24 doirasida universitet kitob auksionini qo‘shishga qaror qildi. Ushbu auktsion nafaqat talabalarning madaniy rivojlanishiga yordam beradi, balki xayriya tashabbuslari uchun mablag’ to’plashga yordam beradi, bu esa klub a’zolarining ijtimoiy mas’uliyatini ta’kidlaydi.
Sana: | 29.11.2024 |
Ko'rganlar soni: | 496 |
Ulashish: |