
ALISHER NAVOIY VA ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODI XXI ASR O‘QUVCHISI NIGOHIDA
ALISHER NAVOIY VA ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODI XXI ASR O‘QUVCHISI NIGOHIDA

Joriy yilning 12-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida buyuk shoir hamda mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi, shuningdek, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Ikki buyuk siymo” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar oyligi doirasida “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi XXI asr o‘quvchisi nigohida” mavzusida talabalarning ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G.S.Ismailova kirish nutqi bilan ochib berdi. O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti, f.f.n. Sh.Normatova so‘zga chiqib, Alisher Navoiy va Bobur ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, bugungi kundagi dolzarbligi to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berdi.
Ikki siymoning tavallud sanalari munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur konferensiya bugungi yosh avlodning mumtoz adabiyotimizga bo‘lgan hurmat va ehtirom tuyg‘usini mustahkamlash, boy milliy adabiy va ilmiy merosimizni chuqur o‘rganishga qaratilgan edi. JIDU 1-bosqich talabalari ushbu maqsadlarni o‘zida mujassamlashtiruvchi “Temuriylar davrida til siyosati”, “Navoiy va temuriylar davridagi iqtisodiy jarayonlar”, “Alisher Navoiy asarlarida umuminsoniy qadriyatlar”, “Bobur ijodida til, madaniyat, diplomatik munosabatlar masalalari”, “Bobur davrida madaniy diplomatiya: san'at va adabiyotning o‘rni” kabi mavzularda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Qatnashchilar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning diplomatik faoliyati, shu bilan bir qatorda, ularning asarlaridagi siyosiy va ijtimoiy jarayonlarga munosabat xususida fikr-mulohazalar va tahlillar keltirishdi. Ushbu tadbir keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan anjuman bo‘lib unga “Olmachi”, “Yangi Olmachi”, “Elobod” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan faollar taklif qilindi.
Konferensiya so‘nggida O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri M.Abduraxmonova talabalarni muvaffaqiyatli chiqishlari bilan tabriklab, ma’ruzachilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirdi. Konferensiya ishining natijasi sifatida tezislar to‘plami nashr qilish rejalashtirildi.