“Bir ziyoli – bir mahalla ma’naviyat homiysi” tashabbusi doirasida JIDU vakillari “Uymavut” mahallasiga tashrif buyurishdi
“Bir ziyoli – bir mahalla ma’naviyat homiysi” tashabbusi doirasida JIDU vakillari “Uymavut” mahallasiga tashrif buyurishdi
Joriy yilning 20-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “O‘zbek va rus tillari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Uymavut” mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY)ga tashrif buyurishdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bir ziyoli – bir mahalla ma’naviyat homiysi” tashabbusi ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalla fuqarolar yig‘ini vakillarini ma’naviy-ma’rifiy va madaniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat edi. JIDU jamoasi mahalla faollari, jumladan, gender masalalari bo‘yicha mas’ul shaxs A.Toshmatova, MFY raisi S.Aripov, profilaktika inspektori M.Mirqoshimov, shuningdek, 15-maktab direktori va axborot-resurs markazi rahbari L. Ziyoyeva bilan muloqot qildi.
Bolalar o‘rtasida “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” mavzusidagi rasmlar tanlovi kunning asosiy tadbirlaridan biri bo‘ldi. Tadbir ijodiy salohiyatni rivojlantirish, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Ishtirokchilar “Konstitutsiya – mening nigohimda” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqidagi tasavvurlarini aks ettiruvchi o‘z asarlarini taqdim etdilar.
Hakamlar hay’ati taqdim etilgan barcha ishlar orasidan eng yaxshi chizmalarni tanlab oldi. Iqtidorli ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Mukofotlar ularning ijodiy sa’y-harakatlarini e’tirof etish va yanada rivojlantirishga rag‘batlantirish ramziga aylandi.
“Uymaut” mahallasida o‘tkazilgan tadbir ta’lim muassasalari va mahallalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbusni hayotga tatbiq etishda muhim qadam bo‘ldi. Unda birgalikdagi sa’y-harakatlar navqiron avlodni yurt qonunlariga, ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda naqadar ko‘mak berishini namoyish etdi.