JIDU va Singapurning yetakchi universitetlari ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
JIDU va Singapurning yetakchi universitetlari ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Joriy yilning 13-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonning Singapurdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Alisher Qayumov, shuningdek, JIDU Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti dekani Mirzoumid Xamdamov, Xalqaro moliya va investitsiyalar kafedrasi mudiri Umida Sharipova, Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi mudiri Laylo Toshpo‘latova va Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Gavhar Mirxalilovalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Xususan, Singapurning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, JIDU professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish dasturlarini tashkil etish, Singapurdagi universitetlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, mahorat darslari, davra suhbatlari va hammualliflikdagi nashrlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining o‘quv jarayonlari va ilmiy-tadqiqot faoliyatida ishtirok etish uchun Singapurning nufuzli oliy ta’lim muassasalari mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi kelishib olindi.
O‘zbekistonning Singapurdagi diplomatik vakolatxonasi yuqoridagi dasturlarni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.