JIDUda “Nemis tili va madaniyati kuni” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Nemis tili va madaniyati kuni” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 1-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Nemis tili va madaniyati kuni” ga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Manfred Xuterer, Toshkent shahridagi Gyote institutida amaliyot o‘tayotgan germaniyalik Katarina Xolman, Ina Аysen, “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyatining ijrochi direktori Yusuf Ismailov, O‘zbekiston Respublikasi san‘at arbobi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining professori, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “So‘g‘diyona” xalq cholg‘u asboblari kamer orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori Firuza Abdurahimova, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “So‘g‘diyona” kamer xalq cholg‘u asboblari orkestri yakkaxon ijrochisi, “Nihol” Davlat mukofoti laureati, Xalqaro tanlovlar laureati Xadicha Imamnazarova, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari va ota-onalar ishtirok etdilar.
JIDU Yoshlar bilan ishlash va ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupjanov o‘zining tabrik so‘zi bilan tadbirni ochib berdi. U o‘z nutqida hozirgi kunda o‘zbekistonlik yoshlar orasida, bundan tashqari universitetimizda ham nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganligini ta'kidlab o‘tdi. Shu bilan birga O‘zbekiston rahbariyati Germaniya bilan har tomonlama aloqalarni, jumladan ta‘lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, nemis tili o‘qitilayotgan umumta‘lim va oliy ta‘lim muassasalarini sonini ko‘paytirish hamda Germaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik munosabatlarni rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratganligini ta‘kidladi. Bundan tashqari JIDU va tegishli Germaniya universitetlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Manfred Xuterer o‘z nutqida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi samarali hamkorlik istiqboli va bu munosabatlarning muhim jihatlari haqida aytib o‘tdi. Bayram tadbiri davomida elchi JIDU universiteti talabalarining “Nemis tili va madaniyati kuni” bayramida faol qatnashishlarining ko‘rib, nemis tiliga qiziqishi ortib borayotganligini yana bir bor alohida ta‘kidladi.
Tadbir dasturi yorqin va unutilmas taqdimotlar, taniqli nemis shoirlari she‘rlaridan parchalar, milliy va zamonaviy raqslar, klassik va jo‘shqin zamonaviy qo‘shiqlar, qiziqarli sahna ko’rinishlariga boy bo‘ldi va ayniqsa, Davlat filarmoniyasining “So‘g‘diyona” kamer xalq cholg‘u asboblari orkestri yakkaxon ijrochisi, “Nihol” Davlat mukofoti laureati, xalqaro tanlovlar laureati Xadicha Imomnazarovaning “Yodel” qo‘shig‘ini ajoyib ijrosi barchani maftun etdi.
Tadbir yakunda “ABC” nomli taqdimot va “Germaniya” mavzusida qiziqarli Kahoot o’yini tashkil etildi va bu o‘yinda talabalar faol qatnashib, esdalik sovg‘alar sohibi bo‘ldilar. “Roman-german tillari” kafedrasi barcha talabalarga ushbu tadbirda faol ishtiroki uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi va talabalarga Germaniya Federativ Respublikasining elchixonasi, O‘zbekistondagi Gyote instituti tomonidan berilgan sovg‘alarni taqdim etdi.
Tadbir yuqori saviyada va ko’tarinki ruhda o‘tdi, bunday tadbirlar nemis tili o‘rganayotgan talabalarni ruhlantiradi va davlatlararo munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Sana: | 01.11.2024 |
Ko'rganlar soni: | 525 |
Ulashish: |