JIDUda talabalarning O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida amaliyot o‘tashi yakunlari sarhisob qilindi
JIDUda talabalarning O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida amaliyot o‘tashi yakunlari sarhisob qilindi
Joriy yilning 1 noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mamlakatimizning xorijiy diplomatik vakolatxonalarida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar yakunlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
JIDUning 22 nafar talabasi O‘zbekiston elchixonalarida amaliyot o‘tashdi. Ular Avstriya, Ozarbayjon, Belgiya, Germaniya, Hindiston, Eron, Qatar, Xitoy, Polsha, Rossiya, AQSH, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlarda taʼlim jarayonida olgan nazariy bilimlarini amalda sinab koʻrish baxtiga muyassar boʻldi. Bo‘lajak diplomatlar ushbu mamlakatlarda bo‘lganlari davomida xorijiy vakolatxonalarimiz faoliyatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ular faoliyatiga o‘zlarining kamtarona hissalarini qo‘shishga harakat qilishdi.
Davra suhbati davomida talabalar elchixonalarda ishlash haqidagi hikoyalardan tashqari, qabul qiluvchi mamlakat haqidagi taassurotlari bilan o’rtoqlashdilar.
Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-avgustdagi 551-sonli “O’zbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlar sohasidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida” gi qarori bir necha yillardan buyon mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Odil Yusupjanov talabalarga o’qishlarida yangi yutuqlarga erishishlarini, kelajakda malakali mutaxassis bo’lish uchun stajirovkalarda amaliy ish tajribasini to’plashlarini ta’kidlab o’tdi.
Sana: | 01.11.2024 |
Ko'rganlar soni: | 505 |
Ulashish: |