O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakili bilan JIDUda uchrashuv
O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakili bilan JIDUda uchrashuv
Joriy yilning 30-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi attashesi Otabek Alimov bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Diplomat va JIDU vakillari – Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi mudiri Laylo Toshpo‘latova va Sharq tillari kafedrasi mudiri Xakima G‘ofurova Misr oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Xususan, Qohira universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, arab dunyosidagi ushbu yetakchi universitetning taniqli professor-o‘qituvchilari ishtirokida qo‘shma seminar va anjumanlar, mahorat darslari o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi. O‘quv jarayoniga ona tili arab tilida so‘zlashuvchilarni jalb qilish, JIDU kutubxonasi fondini arab tili va jahon iqtisodiyotiga oid o‘quv adabiyotlari bilan yangilashga qiziqish bildirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar JIDU va O‘zbekiston Respublikasining Misrdagi elchixonasi o‘rtasida doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda arab tili va Misr iqtisodiyoti bo‘yicha o‘quv adabiyotlari turkumini qisqa vaqt ichida jo‘natishga kelishib oldilar.