Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston va Koreya hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston va Koreya hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 16-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev hamda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov mamlakatimizga tashrif buyurgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot qo‘mitasi raisi Chong Chun Suk boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi 5 yil mobaynida O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar sifat jihatidan yangi strategik darajaga ko‘tarildi. Hozirgi kunda Koreya Respublikasi bilan deyarli barcha sohalarda, jumladan, parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishida aloqalar rivojlanib bormoqda. Xususan, qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasi hamda “Koreya–O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik Assotsiatsiyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Muloqot davomida sog‘liqni saqlash yo‘nalishida yangi loyihalarni jumladan, hamkorlikda yangi klinikalar barpo etish, farmatsevtika klasterlarini ishga tushirish, hududiy tibbiyot muassasalarini ilg‘or texnikalar bilan ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 16-18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari huzurida Sog‘liqni saqlash sohasida imzolangan hukumatlararo bitim mazkur yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga turtki bo‘ldi.
Qayd etish kerak, ayni paytda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, poytaxtimizda ushbu mamlakat ko‘magida “Baum” korporatsiyasi loyihasi asosida qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan Bolalar milliy tibbiyot markazi barpo etilishi alohida ahamiyatga egadir. Ayni paytda Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularda jumladan, sog‘liqni saqlash hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash, soha mutaxassislari malakasini oshirish, turli kasalliklar diagnostikasini takomillashtirish kabi sohadagi muhim yo‘nalishlar qamrab olingan.
Suhbat chog‘ida shuningdek, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, ushbu yo‘nalishdagi yutuqlar alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.