JIDUda O‘zbekiston va Hindiston olimlari hamkorlikda tayyorlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston va Hindiston olimlari hamkorlikda tayyorlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 23-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Janubiy va Markaziy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirishda Hindiston va Oʻzbekiston istiqbollari” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Unda Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Smita Pant, Hindistondan ekspert va kitob mualliflari, JIDU va Diplomatik akademiya rahbariyati va professor-o‘qituvchilari hamda talabalar va doktorantlar ishtirok etdi.
Kitob JIDU Diplomatik akademiyasi va Hindiston-Markaziy Osiyo jamg‘armasi tomonidan o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr etilgan.
Tadbirni O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov tabrik so‘zi bilan ochar ekan, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat olimlarining qo‘shma nashri zamonaviy dunyoda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan, tarix, siyosat, iqtisodiyot, sarmoya, xavfsizlik va madaniyatni qamrab oluvchi mavzularga qaratilgan. Asosiysi, bunday tadqiqotlar Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka hissa qo‘shadi.
Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Smita Pant o‘z nutqida O‘zbekiston-Hindiston hamkorligi turli sohalardagi yuqori sur’atni mamnuniyat bilan qayd etdi. U mazkur kitobni tayyorlashda O‘zbekiston va Hindiston mualliflarining mehnatini yuqori baholadi. Hindiston elchisi ikki mamlakat olimlarining qo‘shma hamkorligi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini, hamkorlikning yangi ufqlarini ochishini alohida ta’kidladi.
Taqdimotda JIDU Diplomatik akademiyasi direktori prof. Abdusamat Haydarov, Hindiston-Markaziy Osiyo jamg‘armasi (ICAF) direktori doktor Ramakant Dvivedi va ICAF boshqaruv kengashi a'zosi, kitob mualliflaridan biri prof. Anil Sharma so‘zga chiqishdi. Ular kitobda Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik o‘z ifodasini topganini alohida ta’kidladilar.
Tadbir so‘ngida JIDU Diplomatik akademiyasi va Hindiston-Markaziy Osiyo jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Sana: | 24.10.2024 |
Ko'rganlar soni: | 467 |
Ulashish: |