JIDU rektori Chexiya elchisi bilan uchrashdi
JIDU rektori Chexiya elchisi bilan uchrashdi
Joriy yilning 10-oktabr kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Lubomir Frebort bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Chexiya hamkorligining muhim yo‘nalishlari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va oliy ta’lim sohasida sheriklik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Chexiya Respublikasining byudjet siyosati va korrupsiyaga qarshi kurash kabi muhim sohalardagi tajribasi qayd etildi. JIDU rektori S. Safoyev mazkur yo‘nalishlarda parlamentlarning rolini kuchaytirish muhimligini ta’kidlab, bu borada amaliyot va tajriba almashish dolzarbligini ta’kidladi.
Tomonlar Chexiyaning yetakchi universitetlari, xususan, Karlov universiteti (Praga) bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdilar. JIDU talabalariga xalqaro standartlar bo‘yicha ta’lim olish imkonini beradigan ikki tomonlama diplom (double degree) ta’lim dasturi joriy etilishi mazkur hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
Chexiya Respublikasi elchisi L. Frebort oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikka katta qiziqish bildirdi. Bu talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlarni ochib, akademik muhitni rivojlantirishga, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon ham hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.