JIDUda Ozarbayjon vitse-prezidenti Mehribon Aliyevaga bag’ishlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
JIDUda Ozarbayjon vitse-prezidenti Mehribon Aliyevaga bag’ishlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26 avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Ozarbayjon vitse-prezidenti, Haydar Aliyev fondi prezidenti Mehribon Aliyeva faoliyatiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari, Tashqi ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar Qo‘mitasi rahbariyati, Ozarbayjon va Tojikiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchilari, Haydar Aliyev jamg‘armasi, xalqaro tashkilotlar, Toshkent shahar hokimligi vakillari, shuningdek, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, Ozarbayjonning taniqli davlat va jamoat arbobi haqidagi mazkur kitobning taqdimoti ikki mamlakat va xalqlar do‘stligi tobora mustahkamlanib borayotganidan yana bir dalolat ekanini ta’kidladi.
“O‘tgan kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi navbatdagi sammitning natijasi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi SHartnoma imzolanishi bo‘ldi. Bu, albatta, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi bobning boshlanishini anglatadi va tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni har tomonlama rivojlantirish kursiga qat‘iy sodiqligini tasdiqlaydi”, - dedi S. Safoyev.
O‘z navbatida, Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Huseyn Guliyev JIDUda tashkil etilgan tadbir ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda madaniy almashinuv muhimligini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
“Mehribon Aliyeva G‘alaba qozongan sarkardaning nafis kuchi” (Kitob muallifi Aygul Bagirova) deb nomlangan kitobda Mehribon Aliyevaning shaxsiyati, hayoti, serqirra faoliyatining barcha jabhalari har tomonlama va atroflicha tahlil etilgan. Shu bilan birga, nashrda prezident Ilhom Aliev rahnamoligida erishilgan Ozarbayjon yutuqlari ko‘rib chiqilmoqda.
Tadbir davomida yana bir muallif Zarifa Guliyevaning “Tariximiz g‘oliblari” nomli kitobi ham namoyish etildi, unda ushbu davlat rahbarlari haqida ham so‘z boradi.