O‘zbekiston tashqi siyosatida YANGI MARKAZIY OSIYO

O‘zbekiston tashqi siyosatida YANGI MARKAZIY OSIYO

    O‘zbekiston tashqi siyosatida YANGI MARKAZIY OSIYO

    O‘zbekiston tashqi siyosatida YANGI MARKAZIY OSIYO

    O‘tgan hafta Ostona shahrida yakunlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi mintaqadagi barcha mamlakatlarning so‘nggi olti yildagi navbatma-navbat raisligi yakunlarini ramziy tarzda sarhisob qildi va ushbu noyob formatdagi davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

    Mamlakatlarimiz birinchi marta mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga doir yagona qarashni– “Markaziy Osiyo– 2040” konsepsiyasini kelishib oldilar. Bu hujjat davlatlarning mintaqaviy hamkorlik jarayoniga ortga qaytmas va izchil tus berishga sodiq ekanini tasdiqladi. U o‘zaro hamkorlikning barcha asosiy sohalarini qamrab oldi, istiqbolga mo‘ljallangan aniq amaliy rejalarni, ularni amalga oshirish shakllari va mexanizmlarini belgilab berdi.

    Ostona sammiti o‘z mohiyatiga ko‘ra, mintaqadavlatlarining hamkorlikni yanada izchil ilgari surish, Markaziy Osiyo beshligi doirasida har tomonlama kooperatsiyani kengaytirishgabo‘lgan intilishini namoyish etdi.

    2018 yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan birinchi uchrashuvdan buyon o‘tgan davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari ancha katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bu haqda gapirganda, biz birgalikda Markaziy Osiyoning zamonaviy qiyofasini o‘zgartirib, mintaqani tinchlik va hamjihatlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning barcha asosiy bosqichlarini eslash o‘rinlidir.

    Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi. Biz chegara hududlaridagi mojarolar va minalangan dalalarga, transportblokadalariga, savdo sohasidabaland to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh edik.

    Suv resurslaridan, yaylovlar va suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha tinimsiz tortishuvlarning ochiq qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor edi.

    Mintaqadagi ba’zi kuchlar ishonchsizlik ruhini avj oldirishva umumiy tarixiy merosimizdan o‘z manfaatlari uchun foydalanish orqali muxoliflik va raqobatni keltirib chiqarardi. Tarqoqligimiz bizni zaiflashtirar, birlashish istiqbollaridan mahrum etar, mintaqa salohiyatini mushtarak manfaatlar yo‘lida ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilar edi.

    Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon tinch-totuv yashab kelgan, bir dinga e’tiqod qilgan, umumiy urf-odat va an’analarga ega bo‘lgan, minglab ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-sivilizatsiyaviy qadriyatlariga mutlaqo zid edi.

    Qolaversa, global ishonch inqirozining chuqurlashuvi va qurolli mojarolarning keskinlashuvi mintaqaning barqarorligi va izchil rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va xalqlari kabiO‘zbekistonning ham farovonligi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarga, mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligiga bog‘liq, degan tushuncha tobora mustahkamlandi.

    Shuni e’tirof etish kerakki, tub o‘zgarishlarga, to‘planib qolgan muammolarni hal etishga, qo‘shnilar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda eskirgan yondashuvlardan batamom voz kechishga bo‘lgan ijtimoiy talabni chuqur his qilgan yetakchi– O‘zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi.

    O‘zbekiston rahbari yangi yaxlit Tashqi siyosat doktrinasini shakllantirdi. Unda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb muammolari, zamonaviy tahdid va xatarlar, yangi dunyo tartibotini shakllantirish va boshqa masalalarga nisbatan O‘zbekistonning qarashlari va yondashuvlari belgilangan.

    Doktrinada dunyoning rivojlangan davlatlari bilan teng huquqlilik, o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrikaning yetakchi davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan izchil siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

    Ushbu Doktrinada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. “Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi”ga erishish eng muhim maqsad qilib qo‘yildi. O‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik, pragmatizm va konstruktivlik, teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish, proaktiv muloqot tamoyillari mintaqaviy siyosatning konseptual asosiga aylandi.

    O‘zbekiston ob’ektiv ravishda Markaziy Osiyoning kelajagi uchun alohida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Bu omilbiz mintaqaning barcha mamlakatlari bilan umumiy chegaralarga ega ekanligimiz bilan izohlanadi. Mamlakatimizda Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pi, mintaqadagi barcha xalqlarning yirik jamoalari yashaydi. O‘zbekiston taraqqiyotining deyarli barcha hayotiy muhim masalalari – suvdan tortib, transport yo‘laklari, mintaqaviy xavfsizlik va savdo-sotiqqachachegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan munosabatlarga bog‘liq.

    Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston rahbari 2016 yilda Parlamentga yo‘llagan birinchi murojaatnomasida ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashni birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. “Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz”, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Davlatimiz rahbari saylovdan keyin ko‘p vaqt o‘tmay Ashxobod va Ostona shaharlariga ilk rasmiy tashriflarini amalga oshirib, Markaziy Osiyo – ustuvor, degan tamoyilni yana bir bor tasdiqlagani bejiz emas.

    Mamlakatimiz yetakchisi ushbu tarixiy murojaatida Toshkentning yaqin qo‘shnilarga nisbatan konstruktiv siyosat olib borish, to‘planib qolgan mintaqaviy muammolarni teng huquqlilik, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosaga erishish asosida hal etish, mintaqamizning qoq markazida joylashgan mamlakat sifatida O‘zbekiston atrofida do‘stlik va farovonlik, xavfsizlik va barqarorlik hududini yaratish borasidagi qat’iy niyatini bayon etdi.

    O‘zbekiston rahbari tomonidan hukumat va tashqi siyosat idoralari oldigamintaqaviy siyosatning asosiy vazifalari– chegaralarni tartibga solish jarayonlarini yakunlash, suvdan oqilona va adolatli foydalanish masalalarini birgalikda hal etish, mamlakatlarning iqtisodiy, ekologik, transport-logistika va ilmiy-texnologik rivojlanishdagi o‘zaro bog‘liqligini shakllantirish va boshqa masalalar belgilab berildi.

    Toshkentning Markaziy Osiyoda siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi yondashuvlaridagi o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan davlatlararo munosabatlarini tubdan yaxshilash uchun sharoit yaratdi, balki Markaziy Osiyoning yangi formatda yanada jipslashishi va integratsiyalashuviga zamin bo‘ldi.

    Shu ma’noda, Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari (MODRMU)yo‘lga qo‘yilishi butun mintaqa uchun eng muhim voqea bo‘lib, bugungi kundabarqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyot hududini birgalikda barpo etishga qaratilgan mintaqaviy muloqotning samarali maydoniga aylandi.

    Muntazam uchrashuvlar o‘tkazish g‘oyasi ilk bor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari mamlakat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi “tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo” ekanini, O‘zbekistonning barcha sa’y-harakatlari “o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash”ga qaratilishini ta’kidlagan edi.

    O‘sha yilning noyabr oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan mintaqaning besh davlati tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan tashabbusni – davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Aynan o‘shanda barcha mamlakatlarning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, o‘z davlatlari va butun mintaqa uchun dolzarb bo‘lgan masalalarni birgalikda muhokama qilish, ularga yechim izlash va qaror qabul qilish maqsadini ifoda etuvchi “Samarqand konsensusi” shakllandi.

    "Samarqand konsensusi"ni xalqaro hamjamiyat ham qo‘llab-quvvatladi. Oradan atigi yarim yil o‘tib, 2018 yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari va tashabbuslari yuqori baholandi.

    Bularning barchasi bir necha yil ichida Markaziy Osiyodagi vaziyatni tubdan o‘zgartirish imkonini berdi. Avvalo, chegara masalalari bo‘yicha mavjud murakkab va nozik muammolarni bartaraf etishga erishildi.

    O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani huquqiy rasmiylashtirishni to‘liq yakunladi, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qildi. Chegaradagi o‘nlab o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini tiklab, mamlakatlarimiz o‘rtasida odamlarning harakatlanishini sezilarli darajada osonlashtirdi.

    Bugungi kunda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi chegaralarni haqli ravishda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigi, deb atash mumkin. 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab ichki hujjat –fuqaro ID-kartasini taqdim etgan holda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tish tartibi amal qilayotgani buning tasdig‘idir. Xuddi shunday loyiha Qozog‘iston tomoni bilan ham muhokama qilinmoqda.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona sammitida Markaziy Osiyoda milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish va “Bir tur – butun mintaqah” tamoyili asosida ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqishni taklif qildi.

    Shu bilan birga, Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasini tavsiflashda sezilarli yutuqlarni ko‘rmoqdamiz. Bugungi kunda chegara umumiy uzunligining 90 foizdan ziyod qismibo‘yicha kelishuvga erishilgan.

    Boshqacha aytganda, bularning barchasi turli kelishmovchiliklarga qaramay, tomonlar o‘zaro ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda maqbul bitimlarga tayyorlik tamoyillariga amal qilsa, o‘tkir, nozik va murakkab muammolarni hal qilish mumkinligini ko‘rsatadi.

    Ulkan mintaqamizda ro‘y bergan “jarayonlarni qayta ishga tushirish” mexanizmi barcha uchun manfaatli bo‘ldi. Yuqori darajadagi birlashuv tufayli mintaqa iqtisodiyoti taraqqiy etmoqda. Kooperatsiya va mintaqa ichida tovar ayirboshlash darajasi sezilarli oshdi, xorijiy sheriklar bilan aloqalar kengaydi.

    Mintaqadagi savdo hajmi 4,4 barobar, qo‘shma korxonalar soni 5 barobar, o‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb 2 barobar oshdi.

    Bugungi kunda Markaziy Osiyo ochilayotgan imkoniyatlarni birgalikda amalga oshirishga qodir bo‘lgan yanada jips mintaqaga aylandi. O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikiston bilan yirik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun investitsiya jamg‘armalarini tuzdi. Ushbu institutlar doirasida avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangan. 

    Masalan, Qozog‘istonda yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Tojikistonda maishiy texnika ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Qirg‘iziston va Qozog‘iston Issiqko‘l viloyati hududida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etdi.

    O‘zbekiston tashabbusi tufayli mintaqaning barcha mamlakatlari bilan chegaraoldi savdo zonalarini tashkil etish ishlari boshlandi. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan bunday hududlarni shakllantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

    Natijada oxirgi 7 yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3 foizga o‘sib, uning hajmi 450 milliard dollarga yaqinlashdi.

    Umumiy o‘zgarishlar orasida suv, suv-energetika va ekologiya masalalari bilan bog‘liq yo‘nalishda katta yutuqlar kuzatilmoqda.

    Bu borada 2023 yilda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida 1-Qambarota GESini birgalikda qurish bo‘yicha imzolangan "yo‘l xaritasi", shuningdek, Yozgi vegetatsiya davrida To‘xtag‘ul suv omboridan suvni oqizish masalasini birgalikda hal qilish bo‘yicha kelishuv muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

    O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik(Qayroqqum) suv omborining vegetatsiya davrida ishlash rejimi bo‘yicha kelishuvga erishilgani ham muhim ahamiyat kasb etib, bu Sirdaryo o‘rta oqimida zarur miqdorda suv yetkazilishini ta’minlash imkonini berdi.

    Yangi geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo Buyuk Ipak yo‘li davrida mintaqa egallagan o‘rinni–Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi ko‘prik, turli iqtisodiy manfaatlar chorrahasi maqomini yana o‘ziga qaytarmoqda. Mintaqa Transkaspiy yo‘lagi, Shimol-Janub yo‘nalishi, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan, Xitoydan Yevropaga boradigan yo‘laklarni diversifikatsiya qiladigan yangi loyihalar doirasidagi transport-kommunikatsiya yo‘nalishlarining muhim qismiga aylanmoqda.

    Mintaqamizni Yevropa temir yo‘llari tarmog‘i bilan bog‘lashga mo‘ljallangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali qurilishi to‘g‘risida bitim tuzilishi Markaziy Osiyo uchun transport-tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda katta yutuq bo‘ldi.

    Bu yillarda madaniy gumanitar almashinuv sezilarli darajada faollashdi. Ayni paytda madaniyat yillari, kino kunlari, ko‘rgazmalar, konsert va ijodiy safarlar, qo‘shma sport tadbirlarini o‘tkazish muntazam tus oldi. Mamlakatlarimiz fuqarolari xush ko‘radigan barcha sayyohlik yo‘nalishlarining 80 foizga yaqini mintaqaviy ichki turizmga to‘g‘ri kelayotgani buning yorqin dalilidir.

    Birgina O‘zbekistonda 2023 yilda bu ko‘rsatkich 6,6 millionni tashkil etdi va ularning aksariyati qo‘shni davlatlardan kelgan sayyohlardir.

    O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni barqarorlik va izchil taraqqiyot hududiga aylantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasining yana bir muhim tarkibiy qismi Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishishdir. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan Toshkentning afg‘on siyosati tizimli va kompleksli tus oldi. Afg‘oniston bo‘yicha yangicha yondashuvning o‘ziga xos xususiyati mintaqa davlatlari va butun jahon hamjamiyatining Afg‘oniston hududida uzoq muddatli tinchlikka erishish va ushbu mamlakatning mintaqa bilan xo‘jalik aloqalariga integratsiyalashuvini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘ldi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022 yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasida Markaziy Osiyo va umumiy aholisi qariyb 2 milliard kishi bo‘lgan Janubiy Osiyo o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishda Afg‘oniston alohida o‘rin tutishi e’tirof etiladi.

    Toshkentning Afg‘oniston bo‘yicha joriy siyosatining yana bir muhim xususiyati shundaki, O‘zbekiston Afg‘onistonga butun Markaziy Osiyoning uzviy, ajralmas qismi sifatida qaraydi.

    Hech kimga sir emaski, yangi Markaziy Osiyo jahondagi qudratli davlatlar va yetakchi davlatlarni o‘ziga tortadigan mintaqaga aylandi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo 10 dan ziyod “Markaziy Osiyo+” formatlari doirasida 40 ga yaqin davlat va ikkita mintaqaviy tashkilot bilan faol hamkorlik qilmoqda. Hamkorlik salohiyati va imkoniyatlari haqida gapirganda, ta’kidlash joizki, ushbu iqtisodiy makondagi davlatlar hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 75 foizi to‘g‘ri keladi va ularda to‘rt milliardga yaqin aholi istiqomat qiladi.

    O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu, eng avvalo, iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish manbalari, tovar va xizmatlarimizni ilgari surish uchun yangi bozorlar, shuningdek, ko‘p millionli sayyohlar oqimidir.

    O‘z navbatida, Markaziy Osiyo hamkorlarimiz uchun 80 milliondan ortiq iste’molchiga ega istiqbolli bozor hisoblanadi. Bu yerda jahon neft va gaz zaxiralarining 7 foizi, raqamli va yashil transformatsiya uchun zarur bo‘lgan o‘ta muhim nodir materiallarning katta zaxiralari to‘plangan. Xususan, mintaqada mavjud 10 turdagio‘ta muhim materiallar zaxirasi 5,2 foizdan 38,6 foizgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

    Markaziy Osiyo raqobatbardosh mehnat resurslari ko‘payib borayotgan mintaqa hamdir. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib mintaqa aholisi 100 milliondan oshadi. Shu bilan birga, u eng yosh mintaqalardan biri bo‘lib qoladi –aholining o‘rtacha yoshi 30 ga yaqin bo‘ladi.

    Markaziy Osiyo o‘z sub’ektligini mustahkamlab, mohiyatan jahon maydonida mustaqil ishtirokchiga aylanib bo‘lganini tan olmaslikning iloji yo‘q. Ayni vaqtda mamlakatlarimiz tashqi hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda umumiy yoki yaqin pozitsiyadan turib faol harakat qilmoqda.

    Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar natijalari butun dunyoda yuqori baholanmoqda va e’tirof etilmoqda. BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining so‘nggi sammitidagi nutqida mintaqadagi strategik sheriklikning yangi sifatiga e’tibor qaratib, "Markaziy Osiyo ko‘p jihatdan mintaqaviy hamkorlikning noyob modeli va mintaqada yashovchi barcha xalqlar farovonligi yo‘lida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qanday qurish kerakligi borasida dunyoning boshqa mintaqalari uchun namuna bo‘la oladi", dedi.

    Rossiya Federatsiyasi Tashqi va mudofaa siyosati kengashi raisi F.Lukyanov ham xuddi shunday fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, barqarorlik va ochiqlik Markaziy Osiyoning tashrif qog‘oziga aylandi. 

    “Bu ijobiy o‘zgarishlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiqlik va jarayonga daxldorlik yo‘liga qat’iy o‘tgan O‘zbekiston hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Bunday yondashuv butun mintaqaga shiddatli kuch bermoqda, boshqalarga namuna bo‘lmoqda. Aynan O‘zbekiston rahbariyati va shaxsan Prezident Mirziyoyevning faolligi va g‘ayrati ob’ektiv tendensiyalarni real jarayonlarga aylantirish uchun zarur sur’atni ta’minlamoqda”, deb hisoblaydi F.Lukyanov.

    Xadson instituti (AQSH) eksperti Richard Vaytsning ta’kidlashicha, “Sh.Mirziyoyev Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashda namoyish etganazmu shijoat ushbu hamkorlar Toshkentning yangi mintaqaviy yondashuvini kutgan va olqishlaganidan dalolat beradi”.

    Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Yevroosiyoning qoq markazida, ko‘plab “Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” transport yo‘laklari orasida joylashgan bo‘lib, bu “Toshkentning ko‘magi yirik mintaqaviy loyihalar uchun juda muhim va Yevroosiyoning barqarorligi va ravnaqi uchun hayotiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi”.

    Xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy o‘ziga xosligini shakllantirish qo‘shnilar bilan yaqinlashuvni ilgari surishda muhim o‘rin tutishini e’tirof etmoqda. Shanxaydagi Fudan universiteti professori Chjao Xiashenning ta’kidlashicha, “Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqa ichida ham, tashqarisida ham umumiy o‘ziga xoslikni tobora ko‘proq tan olishmoqda”.

    Olimning fikricha, “Markaziy Osiyo jahonda yaxlit va bir butun hudud sifatida tanilmoqda, u o‘zining xalqaro nufuzini mustahkamlash uchun yanada ko‘p imkoniyatlarga va tashqi dunyo bilan munosabatlarda kattaroq vaznga ega bo‘lishi mumkin”.

    Ostona sammitidagi yakdillik Markaziy Osiyoning farovonligi va ravnaqi yo‘lida umumiy mas’uliyat va hamjihatlikni qaror toptirishning muhim sharti sifatida Markaziy Osiyo o‘ziga xosligini shakllantirishga bo‘lgan intilishda ham namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida haqli ravishda ta’kidlaganidek, “Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda”.

    Ostona shahrida boshlangan “Markaziy Osiyo beshligi” yetakchilari uchrashuvlarining ikkinchi davrasi 2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitini qabul qiluvchi mamlakat sifatida O‘zbekiston zimmasiga keng qamrovli mintaqaviy kooperatsiyani izchil ilgari surish bo‘yicha alohida mas’uliyat yuklaydi. Bu nima degani?

    BIRINCHIDAN, siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish.

    Ochiqlik, teng huquqlilik, hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan siyosiy ishonchni mustahkamlash lozim. Bu borada barcha darajalarda muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish va yanada rivojlantirish, unga tizimli va ko‘p qirrali tus berish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalar va turli kuch markazlarining keskin qarama-qarshiligi sharoitida xavfsizlikni ta’minlash masalalarida sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish zarur.

    Bunday sharoitda O‘zbekiston Prezidentining oltinchi MODRMU doirasida ilgari surilgan Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi tashabbusi muhim ahamiyatga ega.

    IKKINCHIDAN, iqtisodiy yo‘nalishda strategik o‘sish va tub o‘zgarishni amalga oshirish bizning ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak.

    Savdo, investitsiya, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik o‘zaro sherikligimizning bosh maqsadi etib belgilanishi juda muhimdir. Iqtisodiyot o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosi va harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi zarur.

    Biz mintaqamizni iqtisodiy o‘sish va investitsion faollikning jahon markazlaridan biriga aylantirish tarafdorimiz.

    O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, pirovardida “Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish bizning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsadimiz bo‘lishi kerak”.

    UCHINCHIDAN, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish.

    Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatmoqda. Ostona sammitida O‘zbekiston Prezidenti Mintaqani sanoatlashtirish bo‘yicha yagona xaritani shakllantirish va vazirlar darajasida Kengashni ishga tushirishni taklif qildi. Chegaradosh hududlarda savdo-logistika va sanoat markazlari tarmog‘ini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

    TO‘RTINCHIDAN, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish.

    Markaziy Osiyoda mintaqaviy transport yo‘laklari strategiyasini ishlab chiqish, Markaziy Osiyo transport tizimini barqaror rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy dasturni qabul qilish va mintaqada transport-logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengashini shakllantirish bu sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.

    BESHINCHIDAN, energetika sohasidagi hamkorlik.

    Markaziy Osiyoda umumiy energetika bozorini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqishga ob’ektiv zarurat mavjud.

    Bunda energiya resurslarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, energetika ob’ektlarini qurish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish alohida o‘rin tutishi mumkin.

    OLTINCHIDAN, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.

    Mintaqamizda global iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish va tuproqning tanazzulga uchrashi hamda hosildorlikning pasayishi bilan bog‘liq muammolar tobora kuchayib bormoqda.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish uchun, ayniqsa, ekstremal ob-havo hodisalari tez-tez sodir bo‘layotgan sharoitda, muvofiqlashtirilgan hamkorlik zarurligi masalasida to‘liq anglashuvga kelgan.

    O‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror yetkazib berish masalalari iqlim o‘zgarishi oqibatlari va jahon siyosatidagi keskinlikning kuchayishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimidagi uzilishlar sharoitida o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil navlarini yaratish, sug‘orishning yanada oqilona usullarini izlash, agrar sohaga suvni tejaydigan texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish uchun agrosanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim.

    YETTINCHIDAN, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash.

    Madaniyat, fan, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettirish muhimdir. Markaziy Osiyo mamlakatlarining tobora jipslashib borayotgani mintaqani dunyodagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish uchun mislsiz imkoniyatlar yaratmoqda.

    Mintaqaviy turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan 1000 dan ziyod ob’ektlardan 20 dan ortig‘i mintaqada joylashgan bo‘lib, ushbu makondagi madaniy va tarixiy ob’ektlarni yanada ommalashtirish uchun ulkan salohiyatni shakllantiradi.

    Mazkur ustuvor vazifalarni amalga oshirish barcha darajadagi mintaqaviy hamkorlikni yangi ilmiy asoslangan g‘oya va takliflar bilan doimiy ravishda “oziqlantirish”ni taqozo etadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti davlat rahbarlarining navbatdagi sammitida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan konseptual tavsiya va takliflarni birgalikda ishlab chiqish maqsadida yetakchi tahliliy markazlar va akademik doiralar ishtirokidagi Markaziy Osiyo ekspert forumining yig‘ilishini mamlakatimizda o‘tkazishni taklif etdi.

    Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’sis etilgan noyob ilmiy-tadqiqot tashkiloti – Markaziy Osiyo xalqaro instituti zimmasiga alohida mas’uliyat yuklatildi.

    Umuman olganda, 2017 yilda O‘zbekistondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik bo‘yicha innovatsion siyosati natijasida boshlangan Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv jarayoni bugungi kunda barqaror va ortga qaytmas tus oldi.

    Mamlakatning ochiqlik siyosatiga o‘tishi va O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosiy doktrinasida e’lon qilingan Markaziy Osiyo ustuvorligi tamoyili hayotga tatbiq etilishi mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlarning tubdan yangilanishini ta’minladi.

    Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi, misli ko‘rilmagan pragmatizmi, ishonchni mustahkamlash choralari va uzoqni ko‘zlagan diplomatiyasi, asosiy davlatlararo va mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun oqilona murosaga tayyorlik Markaziy Osiyoda tortishuv va kelishmovchiliklardan o‘zaro anglashuv va hamkorlik sari strategik qadamni ta’minladi.

    Ushbu inqilobiy yondashuvlarning ikki tomonlama faol muloqotlar va davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida mustahkamlanishi mamlakatlarning tinch, barqaror va izchil rivojlanayotgan hamda farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishga bo‘lgan umumiy sodiqligini tasdiqlashga xizmat qildi.

    Global falokatlar sharoitida Yevroosiyoning qoq yuragidagi strategik muhim mintaqada davom etayotgan bu tinch va bunyodkorona transformatsiya jarayoni ekspertlar muhokamasining mavzusiga aylangan va kelajakda chuqur ilmiy izlanishlarning predmeti bo‘ladigan,jahon siyosatining noyob fenomenidir.

    Hech shubhasiz, ko‘z o‘ngimizda shakllanayotgan Yangi Markaziy Osiyoning bosh me’mori mintaqa tarixiga o‘z nomini yozib ulgurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir. Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo sammitida O‘zbekiston Prezidentiga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni topshirilgani mamlakatimiz yetakchisining mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasining yana bir e’tirofi bo‘ldi.

     

    Abdulaziz Komilov,

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

    tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili