2024-2025-o‘quv yilidan boshlab JIDUning 7 nafar talabasi Mishkols universitetining ingliz tilidagi dasturlarida ishtirok etadi
2024-2025-o‘quv yilidan boshlab JIDUning 7 nafar talabasi Mishkols universitetining ingliz tilidagi dasturlarida ishtirok etadi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov Vengriyaga ishchi safari davomida Mishkols universiteti rektori bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar. Yakunda ikkita sheriklik hujjati imzolandi.
Mazkur kelishuvlarga muvofiq, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, JIDUning 7 nafar talabasi Mishkols universitetining ingliz tilidagi dasturlarida, vengriyalik talabalar esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida almashinuv dasturlarida ishtirok etishi mumkin.
Bundan tashqari, Vengriya universiteti JIDU akademik litseyining ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan bitiruvchilarini o‘qishga qabul qilish imkoniyatini tan olish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi. Shu bilan birga, Mishkols universitetiga o‘qishga kiruvchi litsey bitiruvchilariga ta’lim olish to‘lovi uchun 30 foiz miqdorida chegirma beriladi.
Mishkols universiteti vakillari, shuningdek, xalqaro universitetlar reytingida xalqarolashtirish va o‘rinlarni oshirish bo‘yicha o‘z strategiyalari bilan o‘rtoqlashdilar. JIDUning xalqaro maydondagi reytingini oshirish bo‘yicha seminar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Sana: | 19.05.2024 |
Ko'rganlar soni: | 2939 |
Ulashish: |