“Oila – mahalla – taʼlim muassasasi” nomli mahorat darsi oʻtkazildi
“Oila – mahalla – taʼlim muassasasi” nomli mahorat darsi oʻtkazildi
Joriy yilning 28-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar orasida “Taʼlim muassasasi-mahalla uchun maʼnaviyat oʻchogʻi” shiori ostida mardlik, jasorat, oila, mahalla va Vatanga muhabbat tuygʻularini keng ommalashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2023-yil 11-avgustdagi Qarorining ijrosi boʻyicha “Oila – mahalla – taʼlim muassasasi” nomli mahorat darsi oʻtkazildi.
Tadbirda Mirzo Ulugʻbek tumani Ichki ishlar organi faolligini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik D.Abdujabborov va masʼul xodimlar, Toshkent shahar Milliy gvardiya Bosh boshqarmasi masʼul xodimi, mayor U.Xasanov, Toshkent shahar faxriylar kengashi aʼzosi polkovnik V.Radjabov va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbirni Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor O.Yusufjonov 26-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalardagi “yettilik tizimi” faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar toʻgʻrisida gapirib oʻtdi.
Tadbirda vazirliklardan kelgan masʼullar soʻzga chiqib, bugungi kunda Yoshlarni vatanga sodiqlik va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot gʻoya va qarashlarning salbiy taʼsiriga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, yoshlar ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni taʼminlash gʻoyasi asosiy ahamiyat kasb etayotgani xususidagi fikrlarini bayon qildilar.