Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi
Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi
Davlatimiz rahbarining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida aytilganidek, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi.
Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 16-sentabr kuni Samarqand shahrida oʻtkazilgan SHHT sammitida so‘zlagan nutqini tinglash davomida Oʻzbekistonning SHHTga raislik davrida tashkilot doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning xalqaro nufuzini oshirishga intilgani alohida ta’kidlanganligiga e’tibor qaratish lozim.
Bundan tashqari, ushbu davrda nafaqat xavfsizlik masalalari, balki gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Pandemiya inqiroziga qaramasdan, mamlakatimizda 80 dan ortiq yirik tadbirlar oʻtkazildi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi davomida iqlim oʻzgarishi, suv va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi global muammolarni barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tugʻdirayotganligini ta’kidlab oʻtdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti ochiqlik va bloklarga qo‘shilmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligi tufayli ishtirokchi mamlakatlar orasida manfaatli munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda chuqurlashtirishga erishayotganligi ta’kidlandi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda SHHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlarimiz rivojlanib bormoqda.
Ushbu Sammit Eron Islom Respublikasining mazkur tashkilotga a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolanganligi bilan ahamiyatlidir. Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga esa muloqot bo‘yicha sheriklar maqomi berildi.
Bundan tashqari, Belarus Respublikasiga SHHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Quvayt Davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot boʻyicha sheriklar maqomi berish boshlanishi rejalashtirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti ushbu tashkilotning transformatsiya hamda yangi bosqichga koʻtarilishi uchun tub burilish davrini boshlab beradi. Mazkur anjuman jahon miqyosida oʻzaro manfaatli global hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dilmurod DILMURODOV,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 3-bosqich talabasi