“Ta’lim sohasini rivojlantirishning dolzarb tendensiyalari: O‘zbek va Xitoy oliy ta’lim muassasalari tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
“Ta’lim sohasini rivojlantirishning dolzarb tendensiyalari: O‘zbek va Xitoy oliy ta’lim muassasalari tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 27-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev Xitoy Xalq Resbuplikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yu Jun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston-Xitoy parlamentlararo sheriklik istiqbollari, shuningdek oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik, o‘quv jarayoniga innovatsion dasturlarni joriy etish masalalarini muhokama qilishdi.
S.Safoyev universitetda HUAWEI kompaniyasi ko‘magida “Smart University” loyihasi ustida ish olib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, JIDU negizida XXRning kambag‘allikka qarshi kurash tajribasini, Xitoydagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini o‘rganish bo‘yicha treninglar va seminarlar tashkil etish bo’yicha takliflar berdi.
O‘z navbatida, elchi Yu Jun Xitoy tomonining tajriba almashish va ilg‘or ta’lim amaliyotlarini o‘tkazish maqsadida universitet bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, yaqin vaqtlarda Xitoy universitetlarida o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha yangi dastur yaratilishini ma’lum qildi.
Shu kunning o‘zida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ta’lim sohasini rivojlantirishning dolzarb tendensiyalari: O‘zbek va Xitoy oliy ta’lim muassasalari tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi vakili, ikki davlat turli ta’lim muassasalaridan xitoy tili o‘qituvchilari, hamda JIDU professor-o‘qituvchilari, talabalar va doktorantlar ishtirok etdi.
Anjumanda Xitoy oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tizimi, JIDUda xitoy tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘rgatishdagi yutuqlar, Xitoy OTMda o‘zbek tilining o‘qitish tajribasi namoyish etildi.