JIDUda “Xon Atlas” festivali doirasida tadbir boʻlib oʻtdi
JIDUda “Xon Atlas” festivali doirasida tadbir boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 11-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻzbek urf-odatlari va anʼanalariga asoslangan holda yosh avlod maʼnaviy tarbiyasini shakllantirish, madaniyatini yuksaltirish, estetik didni rivojlantirish, milliy mentalitetimizga mos liboslarni keng targʻib qilish maqsadida “Xon Atlas” festivali doirasida tadbir boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumani Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Xotin-qizlar maslahat Kengashi raisi, JIDU Xotin-qizlar maslahat Kengashi raisi, Besh muhim tashabbus markazi, talabalar hamda JIDU qoshidagi Akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni universitet Xotin-qizlar Maslahat kengashi raisi, E.Sultanova ochib berar ekan, u oʻzbek qizlari va ayollari azal-azaldan betakror ibo-hayosi, donoligi va milliy liboslardagi goʻzalligi bilan dovrugʻ qozonganligi, atlas, adras, beqasam, shoyi kabi milliy matolardan tikilgan liboslar ayollarimiz husniga husn, koʻrkiga koʻrk qoʻshganligi haqida toʻxtalib oʻtdi.
Tadbir doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talaba qizlari tomonidan milliy liboslar namoyishi, JIDU talabalari esa raqs va qo‘shiqlari bilan tadbirga yanada chiroy bag’ishladi.
Ta’kidlash joizki, o‘zbek milliy liboslari namoyishiga bagʻishlangan bunday tadbirlar yoshlarning milliy qadriyatlariga boʻlgan hurmatini yanada oshirishda, anʼanalarni qadrlashda muhim ahamiyat kasb etadi.