“Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
“Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son Farmoni 1-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30/1-2003-sonli topshiriq xatiga asosan “Yoshlar balansi” asosida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda oliy ta'lim muassasalari rahbarlariga “og‘ir” toifadagi yoshlarni biriktirish belgilangan.
Joriy yilning 13-avgust kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish, ularni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ochiq suhbat bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida S.Safoyev mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalambor, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani va bu borada katta ishlar qilinayotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, yosh avlod yaratilayotgan imkoniyatlarning qadriga yetishi, hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun bor kuchini sarflashi kerak.
“Keling, birgalikda oldinga intilaylik. Biz har doim yordam qoʻlini choʻzishga va qoʻldan kelgancha sizni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz”, - dedi JIDU rektori.
O‘z navbatida, yoshlar bilan ishlash va ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusupdjanov yoshlarga xorijiy tillarni jadal o‘rganish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni puxta egallash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha maslahat berdi.
JIDU rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldilar hamda ushbu toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kelgusidagi hamkorlikdagi harakatlar dasturi belgilab olindi.