AQSH Kongressi Vakillar palatasining qo‘mita raisi Oliy Majlis Senatida
AQSH Kongressi Vakillar palatasining qo‘mita raisi Oliy Majlis Senatida
Joriy yilning 27-mart kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev AQSH Kongressi Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSH hamkorligining keng doirasi, xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini, davlat boshqaruvi shaffofligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash, xususiy mulk va xorijiy investorlarni himoya qilish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSH Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” (do‘stlik guruhi)ning o‘rni va faoliyati samaradorligi taʼkidlab o‘tildi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalari ham eʼtibor markazida bo‘ldi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 ta yetakchi kompaniya kiradigan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qo‘shayotgani taʼkidlandi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga mehnat munosabatlari yo‘nalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, bunda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalarda doimiy maslahatlashuvlarni olib borishga kelishib olindi.
Muloqot so‘nggida tomonlar barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.