Yevropalik deputatlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurishdi
Yevropalik deputatlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurishdi
Joriy yilning 28-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevroparlament deputati, O‘zbekiston bo‘yicha ma’ruzachi Ilhan Kyuchyuk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Sharlotta Adrian, Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori Samuel Doveri, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ham ishtirok etdi.
JIDU rektori Sodiq Safoyev mehmonlarni tanishtirar ekan, ular mamlakatimizning azaliy do‘stlari ekani, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan ko‘p qirrali aloqalarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.
“Ilhan Kyuchyuk boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lgani davomida ko‘plab muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Albatta, bu tashrif mamlakatimiz bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish, uni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi”, — dedi S.Safoyev.
Yig‘ilish doirasida Ilhan Kyuchyukga JIDU faxriy doktori unvonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
– Talabalar va o‘qituvchilar bilan uchrashish, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori bo‘lish men uchun katta sharafdir. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida ishlashda davom etaman”, — dedi I.Kyuchyuk.
Yevroparlament deputati o‘z nutqida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga to‘xtalib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlarni sanab o‘tdi.
Talabalar mehmonlarga Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuv, ta’lim almashinuv dasturlari, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga oid ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi.