Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 21-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

    Oliy martabali diplomatni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev kutib oldi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bitimlarni yuqori darajada amalga oshirish, mintaqaviy va biznes miqyosida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni ilgari surish, ikki mamlakatda madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash alohida ta’kidlandi. Ta’lim va akademik almashinuv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Yig‘ilish yakunida Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevga JIDU faxriy doktori unvonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

    “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari va o‘qituvchilari bilan uchrashish, shuningdek, ushbu mashhur oliy ta’lim muassasasining Faxriy doktori bo‘lish men uchun katta sharafdir. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun bundan keyin ham bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman”, — dedi J.Kuluboyev.

    Shu kuni JIDUda “O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish: hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirni S.Safoyev ochar ekan, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ular o‘rtasida ishonchli munosabatlar o‘rnatilgani tufayli O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari strategik sheriklikning mutlaqo yangi bosqichiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

     

    Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbari J.Kulubayev ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollariga bag‘ishlangan keng ko‘lamli ma’ruza qildi.

    Universitet professor-o‘qituvchilari, JIDU qoshidagi Xalqaro tadqiqotlar instituti ekspert-tahlilchilari o‘z chiqishlarida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining strategik jihatlari, ikki tomonlama munosabatlarda ochilayotgan ulkan istiqbollar, shuningdek, hamkorlikdagi Markaziy Osiyoning mintaqaviy rivojlanishi, mintaqaviy va global xarakterdagi  muammolarning yangi tendensiyalariga e’tibor qaratdilar.

    Yakunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Diplomatik akademiyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori S.Safoyev, Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri J.Kulubayev imzoladi.