
JIDUda muzokaralar nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda muzokaralar nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi

2025-yil 25-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Muzokara Jarayoni: Nazariya va Amaliyot” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo'yicha (EuroUz) assotsiatsiyasi Bosh kotibi Oybek Shayxov olib bordi.
Tadbir boshida, JIDU Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Sh. Arapov Oybek Shayxovning universitetga tashrif buyurgani va talabalar bilan uchrashishga vaqt ajratganligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Sh. Arapov bunday tadbirlarning bolajak diplomatlar va mutaxassislar uchun ahamiyatini ta’kidlab, ushbu ko‘rinishdagi uchrashuvlar kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyat uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Oybek Shayxov o‘z ma’ruzasi davomida muzokara jarayonining nazariy asoslari va muvaffaqiyatli muzokaralar olib borishning amaliy jihatlarini keng yoritdi. U muzokara davomida yumshoq va qattiq ko‘nikmalarning (Soft skills va hard skills) ahamiyatini batafsil tushuntirib, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda madaniy farqlarni inobatga olishning muhimligini, Lewis modelidan foydalanib, amaliy misollar bilan ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, muzokara ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradigan bir qator kitoblar borasida tavsiyalar berildi, bu esa talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir interaktiv tarzda o‘tkazilib, talabalar faol qatnashdilar. Ular o‘zlarida qiziqish uyg‘otgan savollarga foydali va mazmunli javoblar olgan holda, muzokaralar jarayoni va nazariyasi yuzasidan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Sana: | 27.02.2025 |
Ko'rganlar soni: | 511 |
Ulashish: |