Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi JIDUda ma’ruza qildi

Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi JIDUda ma’ruza qildi

    Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi JIDUda ma’ruza qildi

    Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi JIDUda ma’ruza qildi

    26-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Ruminiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Cristian Ciobanu tashrif buyurdi.

    Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev elchi bilan O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikka, xususan, JIDUning Ruminiyaning yetakchi universitetlari bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi.

    Uchrashuv yakunida Elchi JIDU talabalari uchun “Madaniy va jamoat diplomatiyasi - diplomatik munosabatlarning ajralmas qismi” mavzusida ma’ruza o‘tkazdi. Avvalo, u Ruminiya-O‘zbekiston aloqalari barcha sohalarda, jumladan madaniyat sohasida ham, juda tez va jadal rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

    Diplomat modernizmning asoschisi va 20-asrning eng nufuzli haykaltaroshlaridan biri bo‘lgan buyuk rumin haykaltaroshi Konstantin Brinkushi (1876-yil 19-fevral - 1957-yil 16-mart) ijodiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

    Uning buyuk xizmatlari sharafiga 2015-yilda Ruminiya parlamenti 19-fevralni mamlakatda bayram - "Brinkushi kuni" deb e’lon qildi. Daniel Kristian Chobanu talabalarga haykaltaroshning "Cheksiz ustun," "Sukunat stoli," "Bo‘sa darvozasi" va "Fazodagi qush" kabi mashhur asarlari haqida so‘zlab berdi.

    Elchi o‘z ma’ruzasi davomida xalq diplomatiyasi sohasida innovatsion yondashuvning muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Katta Chimyon cho‘qqisiga (3309 metr) ko‘tarilgani haqida so‘zlab berdi va tabriklar bilan qisqa videorolik tayyorladi. 2022-yilda esa Qashqadaryo viloyatida Hazrat Sulton cho‘qqisiga (4083 metr) ko‘tarildi va O‘zbekiston Mustaqillik kuni bilan tabriklab, o‘zbek tilida videorolik ham yozib oldi.

    Ruminiya diplomatik missiyasi rahbarining ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

    Shu kuni universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari JIDUda ochilgan "Buyuk rumin haykaltaroshi Konstantin Brinkushi ijodi" fotoko‘rgazmasiga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.