
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 27-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Barqaror rivojlanish maqsadlari: harakatlar, ijro etishdagi yondashuvlar va natijalarni baholash” mavzusidagi Metodologik kengashi doirasidagi navbatdagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda JIDU “Xalqaro iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, dotsent, i.f.n. Tashpulatova L.M. o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Tadbirda JIDU va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institute (IXTI) rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Muallif o‘z ma’ruzasi va taqdimotida quyidagi yo‘nalishlar doirasida mavzuni belgilab berishga harakat qildi: 1) Barqaror rivojlanish konsepsiyasining genezisi, 2) Barqaror rivojlanish maqsadlari, 3) Barqaror rivojlanishni baholashdagi yangi xalqaro yondashuvlar: ko‘p o‘lchovli baholashning murakkabligi, 4) Ilmiy tadqiqotlarning dolzarb muammolari.
Birinchi yo‘nalish doirasida rivojlanish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan turli tushunchalar va yondashuvlar yordamida “barqaror rivojlanish” konsepsiyasining evolyutsiyasi shakllangani ko‘rib chiqildi, jumladan, farovonlik va turmush darajasi (20-asr boshlari) konsepsiyasi, inson salomatligi va atrof-muhitning tanazzulga uchrashi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, inson kapitali, tabiat va jamiyatning kelajakdagi rivojlanishi uchun sharoitlarni saqlab qolgan holda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yangi texnologiyalar va tashkiliy choralarni qo‘llash, asosiy ehtiyojlar, "nolga teng o‘sish", Vashington konsensusi, barqaror rivojlanish, inson taraqqiyoti, inklyuziv o‘sish kabi va h.k.
Ma’ruzada barqaror rivojlanish konsepsiyasi shakllanishi bosqichlari retrospektiv tarzda ko‘rsatilgan bo‘lib, unda dastlab ijtimoiy-ekologik omil bilan bog'liq bo'lgan bosqichlar, keyingi galda ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar, hamda zamonaviy "yashil" va inklyuziv rivojlanish va boshqaruv muammosinining ahamiyati bilan bog‘liq bo‘lgan bosqichlar ifodalangan. Taqdimotning ikkinchi va uchinchi bo‘limlarida BRM indeksi, BRM ko‘rsatkichlari va komponentlari keltirib o‘tilgan, global va milliy BRMlarning birlashtirilishi masalasi, O‘zbekiston misolida BRMga erishishda siyosatni uyg‘unlashtirish kabi mavzular yoritib berilgan, barqaror rivojlanishni baholash va “oʻlchash” muammolari, BRM monitoringida “toʻrt kapital” yondashuvi qoʻllaniladigan milliy hisoblar tizimining (MST) yangi nashri ham tavsiflangan.
Ma’ruzaning alohida boʻlimida "poliinqiroz" sharoiti, bir tomondan global hamkorlikni mustahkamlash, lekin ayni paytda jahon siyosatida davom etayotgan fragmentatsiya jarayonlari zamirida BRMga erishishdagi strategik muammolar va imkoniyatlar yoritib berilgan.
Ilmiy izlanishlarni talab qiladigan dolzarb masalalar qatorida: 1. Poliinqiroz davridagi xalqaro siyosiy iqtisod, 2. Yashil transformatsiya va barqaror investitsiyalar/sarmoyalar, 3. Raqamlashtirish va barqarorlik, 4. Iqlim adolati va energiyaga o‘tish, 5. Global barqarorlik nomutanosibliklari: Shimol – Janub, 6. Tabiiy kapital va xalqaro iqlim majburiyatlari omili kabi mavzular keltirib oʻtilgan.
Ilmiy-amaliy seminarning yakuniy qismida savol-javoblar doirasida BRMlarni amalga oshirishda ilmiy-tadqiqot va tahliliy salohiyatni kuchaytirish, “yashil transformatsiya”ning ahamiyatini talqin qilish va baholashda ekspertlar hamda qarorlarni qabul qiluvchilar o‘rtasidagi konsensusning yo‘qligi, shuningdek, BRM milliy modelini ishlab chiqish va amalga oshirishda antropologik, etno-ijtimoiy va etno-psixologik xususiyatlarni to‘liq hisobga olish zarurati kabi dolzarb hamda ahamiyatli savollar va mulohazalar bilan tadbir ishtirokchilari so‘zga chiqdilar.