Test Title

Test Title

    JIDUda ta’limda tillarni o‘qitishning muammo va yechimlariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda ta’limda tillarni o‘qitishning muammo va yechimlariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 4-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Taʼlimda tillarni o‘qitishning muammo va yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya Yevropa va turkiy tillar hamda O‘zbek va rus tillari kafedralari tomonidan har yili an’anaviy tarzda tashkil etilib, joriy yilda xalqaro nufuzli oliy ta’lim muassasalari ishtiroki bilan alohida ahamiyat kasb etdi.  Mazkur anjuman oliy ta’lim tizimida fillogiya fanlarini o‘qitish masalalari, sun’iy intellekt vositalarining chet tili o‘qitishdagi didaktik imkoniyatlari, zamonaviy til ta’limi sifatini ta’minlashning strategiya va usullari, madaniyatlararo aloqa kontekstida chet tilini o‘qitishning dolzarb vazifalari hamda zamonaviy tilshunoslikda fanlararo integratsiyaning kognitiv, neyrolingvistik va raqamli yondashuvlari kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan. Konferensiyada Ozarbayjon Tillar Universiteti, Naxchivon Davlat Universiteti, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Boku filiali, Turkiyaning Kirklareli universiteti Fan va adabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti bo‘limi, Kayseri shahridagi Erjiyes universiteti, shuningdek, Ispaniya va Italiya davlatlaridan tashrif buyurgan olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.  Xususan, Turkiyaning Kirklareli universiteti olimlari, fan doktori Beytulloh Bekar, fan doktori Halil Ibrohim Iskandar va tadqiqotchi Edanur Uyanik, fan doktori Yasin Yayla, Ozarbayjon Tillar Universiteti vakillari filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ulfat Zokir o‘g‘li Ibrohim, Naxchivon Davlat Universiteti o‘qituvchisi Alaviyya Bahruz Nuri, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Boku filiali vakili Xalilova Gamida Azizaga qizi, Ispaniya vakili Alexandro Peres Guterres hamda Italiya vakili Marko Brinone kabi ma’ruzachilar bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya davrida til siyosati, lingvistik muammolar va til ta’limidagi muammolar va ularning ychmlari to‘g‘risida o‘z fikrlari va ilmiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.   Bugungi kunda globallashuv jarayonlari ta’lim sohasida yangi yondashuvlarni talab etib, chet tillarini o‘qitish sifati, ko‘p tillilikni rivojlantirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim amaliyotiga integratsiya qilish va madaniyatlararo muloqotni takomillashtirish masalalarini dolzarb vazifalar qatoriga olib chiqmoqda. Shu nuqtayi nazardan, konferensiya doirasida muhokama qilingan ilmiy g‘oyalar va ilg‘or tajribalar mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning rivojiga munosib hissa qo‘shadi.

    JIDU Zakovat klubi jamoasi respublika miqyosidagi  Intellektual haftalikda g‘olib bo‘ldi

    JIDU Zakovat klubi jamoasi respublika miqyosidagi Intellektual haftalikda g‘olib bo‘ldi

    Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Intellektual haftalik” musobaqasining respublika bosqichida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Zakovat klubi terma jamoasi talabalari munosib ishtirok etib, 50 dan ortiq universitetlar orasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda "Zakovat intellektual klubi" nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, u yoshlarning bilim darajasini oshirish, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish hamda ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazildi. JIDU jamoasi musobaqaning barcha bosqichlarida faol ishtirok etib, o‘zlarining chuqur bilimlari, tahliliy fikrlash qobiliyati va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalari bilan ajralib turdi. Ayniqsa, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, diplomatiya asoslari, hamda analitik tahlil bo‘yicha yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishildi. Mazkur natija Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining nafaqat ta’lim sifati, balki yosh avlodda zamonaviy fikrlash va global masalalarni tushunish qobiliyatini shakllantirish borasidagi izchil faoliyatining samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu yuksak natija – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining intellektual salohiyati, izchil mehnati va jamoaviy harakati natijasidir.Universitet jamoasi nomidan musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan barcha talaba-yoshlarimizni chin dildan tabriklaymiz! Ularning kelgusida ham shunday yuksak marralarni zabt etishiga tilakdoshmiz. Bu kabi yutuqlar bizga yana bir bor isbotlaydiki, bilimli, izlanuvchan va vatanparvar yoshlar O‘zbekiston kelajagining hal qiluvchi kuchidir.

    Stokgolm seminarida O‘zbekiston islohotlari va Markaziy Osiyoning ortib borayotgan roli muhokama qilindi

    Stokgolm seminarida O‘zbekiston islohotlari va Markaziy Osiyoning ortib borayotgan roli muhokama qilindi

    Stokgolm shahrida “Markaziy Osiyoga yangicha nazar: O‘zbekistonning islohotlar transformatsiyasi va mintaqaning ortib borayotgan strategik roli” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston va Shvetsiyadan siyosatchilar, diplomatlar, tadqiqotchilar hamda ekspertlar ishtirok etib, o‘zgarib borayotgan Yevroosiyo makonida Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati, O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni va mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Seminarda asosiy ma’ruzachi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ishtirok etdi. U o‘z nutqida O‘zbekistonning islohotlar va modernizatsiya borasidagi tajribasi, shuningdek, mamlakatning mintaqaviy hamkorlik, o‘zaro bog‘liqlik va konstruktiv xalqaro muloqotni rivojlantirishdagi roliga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga Markaziy Osiyoda kechayotgan chuqur o‘zgarishlar, mintaqaning ochiqlik, hamkorlik va sheriklik maydoni sifatidagi ahamiyati ortib borayotganini ta’kidladi. Qolaversa, u Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida barqaror rivojlanish, transport-logistika, energetika, ta’lim, innovatsiyalar va insonlararo aloqalar yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi. Seminar O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nurimbetov hamda shved siyosiy va ekspert doiralari vakillari ishtirokida ochildi. Muhokamalarni Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli ekspert Dr. Svante Cornell olib bordi. Tadbir O‘zbekiston va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

    JIDU rektori Kopengagenda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati haqida ma’ruza qildi

    JIDU rektori Kopengagenda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati haqida ma’ruza qildi

    2026-yil 2-iyun kuni Daniyaning Kopengagen shahridagi Asia House markazida “O‘zgarib borayotgan Yevroosiyoda O‘zbekiston: strategik muvozanat, mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlik” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Daniya xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda siyosatchilar, diplomatlar, olimlar va ekspertlar Markaziy Osiyodagi zamonaviy jarayonlar hamda O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydondagi o‘rni yuzasidan fikr almashdilar. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori, Sodiq Safoyev asosiy ma’ruzachilardan biri sifatida ishtirok etdi. U o‘z nutqida Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, konstruktiv mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va pragmatik xalqaro sheriklikka asoslangan tamoyillarini ta’kidladi. Shuningdek, S.Safoyev O‘zbekiston va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, barqaror rivojlanish va davlat boshqaruvi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya, Daniya va Norvegiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nurimbetov hamda JIDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Timur Dadabayev ham ma’ruza bilan qatnashdilar. Seminar O‘zbekiston va Shimoliy Yevropa o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, JIDUning xalqaro akademik va tahliliy hamkorligini mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

    JIDUda diplomatiya va xalqaro munosabatlarda ayollarning o‘rni hamda yetakchilik roliga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

    JIDUda diplomatiya va xalqaro munosabatlarda ayollarning o‘rni hamda yetakchilik roliga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 3-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi bilan hamkorlikda diplomatiya va xalqaro munosabatlarda ayollarning o‘rni hamda yetakchilik roliga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ayollarning diplomatiyadagi yetakchiligi, qarorlar qabul qilish jarayonida inklyuziv yondashuvning ahamiyati va ayollar dunyo bo‘ylab yuqori diplomatik lavozimlarga erishish yo‘lida hanuz duch kelayotgan to‘siqlarga bag‘ishlangan tadbirda to‘qqizta diplomatik missiya vakillari ishtirok etdi. Tadbirni ochib berar ekan, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Vrubel gender tengligi nafaqat fundamental huquq, balki kuchli institutlar va samarali diplomatiyani shakllantirishning zarur sharti ekanini ta’kidladi. U yosh ayollarning xalqaro munosabatlar sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishida mentorlik, amaliy tajriba va professional aloqalarning muhim o‘rin tutishini qayd etib, amaliyotchi mutaxassislar bilan bevosita muloqot kelajakdagi kasbiy yo‘nalishni belgilashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori maslahatchisi doktor Gulnoza Ismailova Yangi O‘zbekistonda ayollarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun tobora keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. U yetakchilik jinsga emas, balki bilim, salohiyat, strategik qarash va fidoyilikka asoslanishi kerakligini qayd etdi. Shuningdek, iste’dodli ayollarning yetakchilik qilishi, innovatsiyalar yaratishi hamda O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat kelajagini shakllantirishda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Panel muhokamasi davomida yetakchi diplomatlar va olimlar o‘zlarining kasbiy faoliyat yo‘lidagi tajribalari bilan samimiy o‘rtoqlashdilar, diplomatiyada saqlanib qolayotgan gender to‘siqlarini muhokama qildilar hamda bugungi tez o‘zgarayotgan global muhitda tobora ko‘proq talab etilayotgan ko‘nikmalar haqida fikr almashdilar. Dasturining eng faol va qiziqarli qismlaridan biri “Tezkor netvorking” interaktiv sessiyasi bo‘ldi. Unda talaba-qizlar diplomatlar bilan norasmiy suhbatlar orqali muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ishtirokchilar diplomatik faoliyat, xalqaro hamkorlik va ushbu sohadagi yosh ayollar uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdilar. Talaba-qizlar ularni amaliyotchi mutaxassislar bilan bog‘laydigan yangi tashabbuslarga katta qiziqish bildirdilar. Ular diplomatik faoliyatning amaliy jihatlari, kasbiy rivojlanish, shuningdek, bo‘lajak diplomatlar duch keladigan imkoniyat va sinovlar haqidagi ochiq muloqotlarning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

    JIDU professor-o‘qituvchilari tomonidan “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida xayriya tadbiri tashkil etildi

    JIDU professor-o‘qituvchilari tomonidan “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida xayriya tadbiri tashkil etildi

    Bugungi kunda ta’lim jarayonida oila, mahalla va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Ularning samarali aloqalari yosh avlodning ma’naviy va ijtimoiy rivojlanishida, sog‘lom jamiyat barpo etilishida katta ahamiyatga ega. Joriy yilning 2 iyun sanasida Yevropa va turkiy tillar kafedrasi o‘qituvchilari Xodjayeva Xurshida, Xayrullayeva Nargiza hamda Sodiqova Mahbuba tomonidan JIDU otaliqqa olgan “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida xayriya tadbiri tashkil etildi. Mazkur xayriya tadbiri “Oila–mahalla–ta’lim muassasasi” hamkorligini yanada mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazildi.Tadbir davomida ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari hamda pul mablag‘lari ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatildi. Ushbu tashabbus o‘qituvchilarning ijtimoiy mas’uliyati, insonparvarlik fazilatlari va mahalla hayotidagi faol ishtirokining amaliy ifodasi bo‘ldi. “Olmachi” MFY vakillari hamda yordam olgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibor va amaliy ko‘mak uchun Yevropa va turkiy tillar kafedrasi o‘qituvchilariga samimiy minnatdorlik bildirdilar. Bunday ezgu ishlar mahalla aholisi bilan ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Ushbu hayriya tadbiri 2015-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan qabul qilingan qashshoqlikka barham berish, sayyoramizni himoya qilish va barcha insonlarning tinchlik hamda farovonlikda yashashini ta’minlashga qaratilgan 17 ta global maqsadlarning,   Qashshoqlikka barham berish (SDG 1), hamda,  Ochlikni tugatish (SDG 2) yo‘nalishlariga qaratildi. Ta’kidlash joizki, xayriya va mehr-muruvvat tadbirlari jamiyatda o‘zaro yordam, ijtimoiy birdamlik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.