JIDUda Italiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

JIDUda Italiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Italiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Italiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 25-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Pyergabriele Papadia de Bottini bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Oliy martabali diplomatni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kutib oldi.

    Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Italiya munosabatlarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan sherikligini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Elchi Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim, san’at, sport va madaniyat sohalarida jiddiy islohotlar amalga oshirilayotgani va bu o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidladi.

    Diplomat universitet va elchixona o‘rtasidagi hamkorlikka to‘xtalar ekan, JIDU qoshidagi Italiya markazi faoliyatini yuqori baholadi. Uning faoliyati nafaqat til o‘rganish, balki madaniy-gumanitar almashinuv vositasi sifatida ikki mamlakat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tayotgani ta’kidlandi.

    Suhbat yakunida JIDU bilan hamkorlik qilayotgan Italiya universitetlari sonini ko‘paytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

    JIDUga tashrifi doirasida Italiya Elchisi universitet professor-o‘qituvchilari, shuningdek, italyan tilini o‘rganayotgan talabalar bilan uchrashdi.

    Unga JIDU til markazi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Taqdimot chog‘ida Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning turli jihatlari, jumladan, almashinuv dasturlari, ilmiy stajirovkalar, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida Pyergabriele Papadia de Bottini talabalarning yuksak tayyorgarligi va o‘qituvchilarning mahoratini alohida ta’kidlab, universitetning til markazi faoliyatidan hayratlanganini izhor etdi. U Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ta’lim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishga intilayotganini qayd etib, sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.