
JIDUda IIV akademiyasi professori tomonidan “Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda IIV akademiyasi professori tomonidan “Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 22-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O.Yusupdjanovning tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bilan hamkorlikda, IIV akademiyasi “Jinoyat huquqi” kafedrasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, podpolkovnik M.Qalandarov tomonidan “Xalqaro huquq” fakultetining 2-bosqich talabalari uchun “Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Mahorat darsi davomida professor M.Qalandarov jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi zamonaviy jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning huquqiy oqibatlari va bunday jinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, xalqaro huquq normalari va milliy qonunchilik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, bu sohadagi xalqaro hamkorlikning ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Dars interaktiv shaklda o‘tkazildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, professordan kerakli javoblarni oldilar. Muhokamalar davomida jamoat xavfsizligini taʼminlashning muhim jihatlari, yoshlarning bu boradagi roli va masʼuliyati kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
JIDU rahbariyati bu kabi tadbirlar talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularning huquqiy tafakkurini rivojlantirish va soha mutaxassislari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Universitet kelgusida ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni davom ettirish va talabalar uchun bu kabi foydali uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etishni rejalashtirgan.