
Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk universiteti vakili bilan uchrashuv to‘g‘risida
Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk universiteti vakili bilan uchrashuv to‘g‘risida

2025-yil 15-aprelda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) ga Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk universiteti vakili va Yevroosiyo ilmiy-tadqiqot instituti direktori Suat Beylur tashrif buyurdi.
Uchrashuvda akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) direktori o‘rinbosari Durbek Amanov ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk universiteti huzuridagi Yevroosiyo ilmiy-tadqiqot instituti Yevroosiyo mintaqasining dolzarb masalalar, ayniqsa, turkiy dunyo mamlakatlari bo‘yicha innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish va strategik tavsiyalar ishlab chiqish uchun shart-sharoitlar yaratishni o‘zining asosiy vazifasi sifatida belgilaydi.
Yevroosiyo ilmiy-tadqiqot instituti turli formatdagi ilmiy tadbirlarni faol tashkil etadi: seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, panel munozaralari va simpoziumlar. Shuningdek, institutning uchta asosiy davriy nashri mavjud: Eurasian Research Journal (har chorakda), Asya-Avrupa (ikki oyda bir marta) va mintaqa uchun dolzarb bo‘lgan keng ko‘lamli mavzularni qamrab oluvchi oylik elektron nashr (E-bulletin).
Tashrif doirasida mehmon JIDU va IXTI faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk universitetining ilmiy va ta’lim faoliyati haqida ma’lumot oldi. Tomonlar akademik va ilmiy sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Qo‘shma seminarlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi to‘g‘risida yakdil fikrga keldilar va muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.