
JIDUda “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 8-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari v.b. Javohir Axmedov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda JIDU Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Gulnoza Ismailova ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qishini davom ettirish imkoniyatlari, universitet professor-o‘qituvchilari uchun nufuzli xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda amaliyot va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Yoshlarning akademik va kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish, JIDU va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, Javohir Axmedov universitet talabalari bilan uchrashuv o‘tkazib, jamg‘arma faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotini namoyish etdi. Taqdimot davomida tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, Jamg‘arma orqali O‘zbekiston yoshlariga taqdim etilayotgan imkoniyatlar, jumladan, xorijda magistratura va doktoranturada o‘qishni davom ettirish, grantlar olish va stipendiatlarni moliyalashtirish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, ariza topshirish, hujjatlarni tayyorlash, tanlovda ishtirok etish va boshqa muhim jihatlar bo‘yicha bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar batafsil tushuntirildi. Talabalar berilayotgan imkoniyatlarga yuqori qiziqish bildirishdi, bu esa ushbu tashabbuslarning ularning akademik va kasbiy rivojlanishi uchun muhimligini ko‘rsatadi.
Tadbir interaktiv shaklda o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi. Uchrashuv talabalarni xorijda tahsil olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari bilan tanishtirish uchun muhim platforma bo‘ldi.