
JIDU va KOICA “Smart universitet” yaratish loyihasini muhokama qildi
JIDU va KOICA “Smart universitet” yaratish loyihasini muhokama qildi

Joriy yilning 24-28 mart kunlari Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) delegatsiyasi “Smart universitet” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga (JIDU) tashrif buyurdi.
JIDU rahbariyati, fakultet dekanlari va raqamli ta’lim sohasidagi ekspertlar bilan uchrashuvlar chog‘ida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, o‘quv jarayonini raqamli transformatsiya qilish, masofaviy ta’limni rivojlantirish va innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Loyihaning asosiy maqsadlari JIDU negizida o‘quv jarayonini qamrab oluvchi kiber-universitetni yaratish, professor-o‘qituvchilar va texnik mutaxassislarning malakasini Koreya standartlariga muvofiq oshirish, shuningdek, onlayn ta’limni takomillashtirish uchun KOICA tomonidan taqdim etiladigan maxsus raqamli platformani joriy etishdan iborat.
28-mart kuni bo‘lib o‘tgan yakunlovchi qo‘shma uchrashuvda KOICA delegatsiyasi JIDU infratuzilmasining chuqur tahlili natijalarini taqdim etdi, loyiha tuzilmasi (Project Design Matrix), uning asosiy tarkibiy qismlari, byudjeti va amalga oshirish jadvali atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, tomonlar bu yilning iyun oyida “Record of Discussion” (RD) nomli rasmiy hujjatni imzolash to‘g‘risida kelishib oldilar.
Kiber universitet yaratish loyihasi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikning bir qismi hisoblanadi. Ushbu loyiha talabalarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishga qaratilgan.