YANGI O‘ZBEK DIPLOMATIYASI FENOMENI

YANGI O‘ZBEK DIPLOMATIYASI FENOMENI

    YANGI O‘ZBEK DIPLOMATIYASI FENOMENI

    YANGI O‘ZBEK DIPLOMATIYASI FENOMENI

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq SAFOEV bilan suhbat

    – 2016-yildan keyin Markaziy Osiyo mohiyatan yangi qiyofa kasb etmoqda. Men bu o‘rinda uning xalqaro geosiyosiy sahnada o‘zgarayotgan maqomini nazarda tutyapman. Suhbatimizni shu haqdagi qarashlaringiz bilan boshlasak.

    – Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ro‘y bergan o‘zgarishlar to‘g‘risida butun dunyo siyosatchilari gapirmoqda va bunga yetarli asoslar bor. Bu, avvalo, mintaqaga bo‘lgan qiziqishning bir belgisi, ikkinchidan, qisqa davr mobaynida shunday bir yirik hududda keskin o‘zgarishlar bo‘lgani tarixda kamdan kam uchrashi bilan ham bog‘liq, nazarimda.

    Keling, 2016-yilga qaytaylik. Agar tahlillarga e’tibor qilsak, Markaziy Osiyodagi vaziyat rostanam tahlikali – qarama-qarshilik va ziddiyatlar, mamlakatlar o‘rtasidagi nosog‘lom raqobat tobora keskinlashib bormoqda edi. Garchi mustaqillikning 25-yili o‘tgan bo‘lsa-da, hali chegaralarimiz to‘liq aniqlab olinmagandi. Shuning o‘ziyoq o‘zaro kelishmovchiliklarga yo‘l ochayotgandi. Chegara yo‘q, u belgilanmas ekan, ikki taraf ham da’vo qiladi. Bu bizning joy, deydi biri, keyin ikkinchisi ham ayni da’vo bilan oyoq tiraydi. Xullas, og‘ir vaziyat. Bu, bir tomondan, beqarorlikni keltirib chiqaruvchi potensial omil bo‘lsa, ikkinchi tomondan, aniq belgilangan va xalqaro e’tirof etilgan chegarasiz davlat davlat bo‘la olmasligini oddiy odam ham biladi.

    Ammo, taassufki, o‘tgan davr mobaynida mintaqa davlatlari, aniqrog‘i, o‘sha paytdagi rahbarlar bu boradagi muloqotga tayyor emasdi. Siyosiy elitalardagi o‘jarlik, strategik fikrlay olmaslik va uzoqni ko‘rish qobiliyatining yo‘qligi, qolaversa, diplomatik resurslardan foydalanish borasidagi no‘noqlik tufayli Markaziy Osiyo chegarasi o‘ta bahsli davlatlar hududi bo‘lib qoldi.

    Bu esa, tabiiyki, xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyoga to‘la yetilmagan, hali muloqotga, hamkorlikka tayyor bo‘lmagan bir hudud o‘laroq qarashiga sabab bo‘ldi. Mintaqada yirik masalalar borasidagi o‘zaro manfaatli yondashuv ko‘zga tashlanmadi. Misol uchun, bizda umumiy suv resurslaridan foydalanishdagi yagona strategik yondashuv, muloqot shu davrgacha bo‘lmagan. Bu esa men yuqorida aytganim – «portlash»ga yaqin bir vaziyat asosini tashkil qilib keldi...

    Barchamiz ko‘rib-bilib turgan manzara shunday ediki, har bir mamlakat, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘rpani o‘ziga qarab tortardi-yu, umumiy manfaatni o‘ylash hech kimning xayoliga kelmas, bir so‘z bilan aytganda, mintaqaning taraqqiyot yo‘liga o‘tishi faqatgina uning yakdilligi, hamjihatligi evazigagina amalga oshishi mumkinligi haqidagi oddiy haqiqat tan olinmasdi. Shuning uchun ham ayni masalada mintaqa hayoti va taqdiri haqida gapirgan ko‘plab olimlarning strategik mavhumlik, noaniqlik haqidagi mulohaza va munozaralarini inkor qilish, ekspertlarning Markaziy Osiyo yirik harbiy to‘qnashuvlar arafasida turibdi, mintaqada portlash sodir bo‘lishi muqarrar, degan bashoratlarini asossiz edi, deya olmasdik.

    Mana shunday og‘ir pallada Markaziy Osiyo taqdirida nihoyatda muhim burilish yuz berdi. Mintaqaning yetakchi davlati, hududdagi barcha davlatlar bilan bevosita chegaralarga ega bo‘lgan yagona mamlakat – O‘zbekistonga yangi generatsiyadagi lider – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev keldi. Nazarimda, u kishi vaziyatni va nima qilishi kerakligini o‘zining boy hayo­tiy va kasbiy tajribasidan aniq bilardi. Ehtimol, shu sabab ish boshlagan ilk kunlaridanoq ayni masalada batamom yangi yondashuv, yangi harakatlar dasturini ilgari surdi. Bugun biz to‘liq asos bilan aytishimiz mumkinki, bu aslida Prezident Shavkat ­Miromonovich ­Mirziyoyevning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatga doir doktrinasi edi.

    Doktrina – yaxlit siyosat nazariyasi va amaliy dasturlar harakatini ifodalovchi istiloh. Tarixdan «Trumen doktrinasi», «Brejnev doktrinasi», «Reygan doktrinasi» kabi iboralarni ko‘p o‘qiganmiz, eshitganmiz. Biz hozir mulohaza yuritayotgan jarayonlar esa I asr Markaziy Osiyodagi yakdillik, strategik hamkorlikka asos­langan rivojlanish doktrinasi bo‘ldi, deyish mumkin. Men to‘liq ishonch bilan aytaman, aynan Mirziyoyev doktrinasi evaziga Markaziy Osiyoda vaziyat batamom o‘zgardi.

    Avvalo, davlatlararo muloqot tiklandi. Zotan, uning mavjudligi eng muhim unsur edi. Ya’ni biz endi barcha masala bo‘yicha o‘zaro gap­lasha boshladik.

    Bu doktrinaning global siyosatda tutgan noyob o‘rni shundaki, u Markaziy Osiyoni yagona taqdirga ega bo‘lgan mintaqa o‘laroq ko‘rishni qat’iy maqsad sifatida belgilagan. Haqiqatan ham, biron-bir mamlakat yakka o‘zi rivojlanib keta olmaydi. Biz bir-birimiz bilan shu qadar bog‘liqmizki, birimizda boshlangan muammo ikkinchimizda albatta bo‘y ko‘rsatmay qolmaydi.

    Qolaversa, har bir mamlakatning muvaffaqiyati butun mintaqaga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ya’ni mamlakatlar bir-birining yutug‘idan manfaatdor.

    Raqobat doimo va hamma yerda bo‘ladi. Bu – tabiiy hol. Ammo uning xarakteriga ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, u men sendan zo‘rman, qabilida kechsa, bilingki, istiqbol yo‘q. Aksincha, ushbu raqobat umummanfaatni, yakdil qarashlarni o‘zida ifoda etsa, tamoman boshqacha manzara namoyon bo‘ladi. Mirziyoyev doktrinasining mohiyatida xuddi shu strategiyada turadi.

    Aslini olganda, o‘jarlik, «Men aytganimday bo‘lishi shart!» deb qaysarlik qilishdan osoni yo‘q. Biroq bu yo‘l odamni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘yadi. Bu o‘rinda ikkinchi jihatni ham esdan chiqarmaslik kerak. Deylik, masalani birgalikda, hamma tomonni tinglab, har bir muammoni yotig‘i bilan va hisobga olib hal etish istiqbolli ekanini hamma biladi. Biroq buni tan olish uchun kishidan katta siyosiy iroda, qolaversa, hamkorlar bilan munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda katta mahorat talab qilinadi.

    Keling, da’vomiz asossiz bo‘lmasligi uchun oddiygina suv muammosiga bo‘lgan umumiy qarashlarni olaylik. 2016-yilgacha go‘yo bu ­«o‘yin»da qaysidir davlat yutsa, boshqalar yutqazadi, degan taassurot bor va bu hatto real tushunchaga aylanib qolgandek edi. Bu yechim emas, balki mintaqada uyg‘onishi mumkin bo‘lgan beqarorlikning kaliti edi, aslida. Mirziyoyev esa masalani mushtarak maqsadlar yo‘lida uyg‘unlashtirish va shu orqali mavjud muammoni hal qilish taklifini ilgari surdi. Tabiiyki, bunday yondashuv hammaning manfaatiga mos keladi va muhimi, muammo bartaraf etiladi. Buni aslida preventiv ­diplomatiya yoki dip­lomatik mahorat natijasi, desa ham bo‘ladi.

    Albatta, ayni siyosat natijasini jahon o‘zida his qildi. Shu o‘rinda bitta muhim faktni keltirmoqchiman. Mana shu mushtaraklik siyosati natijasida xalqaro siyosat lug‘atida «Markaziy Osiyo ruhi», degan ibora paydo bo‘ldi. Va bir ovozdan xalqaro hamjamiyat, yirik davlatlar, qo‘shni mamlakatlar shuni e’tirof etadiki, bu o‘zgarishlarning muallifi O‘zbekiston rahbari, Prezident ­Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdir.

    – AQSHning Pittsburg universiteti Boshqaruv va bozorlar markazi direktori, uzoq vaqtdan buyon Markaziy Osiyoni o‘rganib kelayotgan tadqiqotchi Jennifer Brik Murtazashvili xalqaro OAVlardan biriga bergan intervyusida mintaqamizning bugungi­geosiyosiy manzarasini taxminan mana bunday ifodalagan edi: ­­«...Markaziy Osiyoni boricha ko‘rish vaqti keldi. Bu endi ­pos­t­­­sovet hududi emas. U – Yevro­osiyo. Men Markaziy Osiyoga postsovet prizmasi orqali qarab kelingan deb o‘ylayman, unga Yevroosiyo superkontinentining yuragi sifatida qaralmadi».

    Aynan shu iqtibosga fe’lan yaqin fikrni rossiyalik mashhur tarixchi, antropolog Sergey Abashin ham o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida qoldirdi. U O‘zbekistonning Parij olimpiadasidagi zafarlari haqida gapira turib, shunday degandi: «2024 yilgi Olimpia­­da favqulodda muhim voqea­­ga aylandi. Gender va san’at mavzulari muhokamasi bilan emas, balki, eng avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari va ayniqsa, 8 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, 13-o‘rinni egallagan O‘zbekiston sportchilarining ko‘rsatgan ajoyib natijalari bilan esda qoladigan bo‘ldi (eslatib o‘tmoqchiman, olimpiada yutuqlari bilan bir qatorda, o‘zbek shaxmatchilari ham so‘nggi yillarda jahon reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelyapti). Sport tilida aytganda, biz Markaziy Osiyo davlatlari umumbashariy miqyosda tanilayotgan va tan olinayotgan muhim o‘yinchilarga aylanib borayotganiga va o‘z subyektligini anglab yetayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu dunyoda va sobiq postsovet hududida haqiqiy tarixiy siljish bo‘lib, hali uzoq davom etadigan va shubhasiz, tabiiy jarayondir».

    O‘ylaymanki, har ikkala tadqiqotchi nimaga ishora qilayotgani tushunarli. Ayting-chi, mintaqaning yaxlit bir siyosiy subyekt sifatida yoki yanada ochiqroq aytganda, «muhim aktor»ga aylanib borayotganini bugun nimalarda ko‘rishimiz mumkin?

    – Savolingiz ham amaliy, ham nazariy jihatdan muhim. Hozir ko‘pchilik buning negizida yotgan masalani anglayotgani yo‘q. Ya’ni bugun Markaziy Osiyo yaxlit bir mintaqa o‘laroq tarixiy va umum o‘zligi – identitetini anglash va buning barobarida dunyoga o‘zini yangidan «tanishtirish» yo‘liga o‘tdi. Siz tilga olgan olimlar bilan bu borada fikri mushtarak bo‘lgan ekspertlar juda ko‘p. Masalan, Bernard Liyus, Prinston universiteti professori. U ham mashhur tadqiqotchi edi. Uning tadqiqotlariga turlicha munosabat bildirish mumkin. Lekin xalqaro ilmiy jamoatchilik tan olgan Markaziy Osiyo, Islom dunyosini chuqur o‘rgangan ushbu ekspert suhbatlarimizdan birida aytgan ediki, Markaziy Osiyo bugun jahon geosiyosiy xaritasida xuddi qadimiy davrlar, o‘rta asrlardagi kabi kengroq makonning bir qismi sifatida balqmoqda. U Yaqin Sharq, Hindiston yarim oroli, Uzoq Sharqlarning uzviy qismi o‘laroq ko‘zga tashlanmoqda. Unga endilikda aslo sobiq Sovet Ittifoqi, sovet imperiyasi chegaralarini qo‘llagan holda qarash mumkin emas.

    Mavridi kelganda, Prezidentimizning ayni masalada yana bir nihoyatda fundamental, strategik fikrlariga e’tiboringizni jalb etmoqchiman: «Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismidir». Eski postsovet yondashuvlari, o‘lchamlari bilan fikrlasak, u boshqa dunyo, albatta. Ammo bugungi kun voqeligidan kelib chiqilsa, vaziyat o‘zgaradi: Afg‘oniston ham Markaziy Osiyoning bir qismi. Axir qanday qilib, daryolari, tabiati, madaniyati, o‘tmishi mushtarak bo‘lgan davlatni xaritada kesib tashlash mumkin?! Bundan ham muhimi, bu qo‘shni davlatlarning mushtarak savdo yo‘laklari.

    Yurtboshimizning yana bir muhim fikri borki, u ham xalqaro hamjamiyatda ko‘p e’tirof etilmoqda: «Afg‘onistonga xatar manbai emas, imkoniyatlar makoni sifatida qarashimiz kerak». O‘z-o‘zidan anglashiladiki, bu o‘lkadagi barqarorlik barcha uchun teng manfaatlidir. Birinchidan, ushbu yaqin hamkorlik va tinchlik Afg‘oniston xalqi uchun uzoq yillik orzular ro‘yobi bo‘lsa, biz uchun ham bu xotirjamlik, iqtisodiy-siyosiy istiqbollar eshigini ochadi. Sir emas, bugun ushbu mamlakatdagi vaziyat bizning Janubiy va Sharqiy Osiyo bilan o‘rtamizdagi devordek bo‘lib turibdi. Agar u yerdagi vaziyat to‘la tiklanib, transafg‘on yo‘lagi barpo etiladigan bo‘lsa, bizning jahon bozorlariga chiqish masofamiz uch-to‘rt barobar qisqaradi.

    Hozir bizning tashqi savdo tannarxida logistika chiqimlari 20-25 foizgacha boradi. Bu – juda katta mablag‘. O‘zbekistonga eng yaqin port – 3 ming kilometrdan uzoq joylashgan. Dunyoda logistika imkoniyatlari cheklangan bizdan boshqa mamlakat yo‘q, desam, xato qilmayman. Vaholanki, savdoning eng asosiy imkoniyati portlar, ochiq dengiz bilan bog‘liq. Agar Afg‘oniston ochilsa, bu bizga ulkan imkoniyatlarni taqdim etadi. Xalqimizning og‘iri yengil bo‘ladi, farovonligi ortadi.

    Endi bevosita savolga qaytsak, biz bugun mintaqamiz, xalqlarimiz ming yillardan buyon yashab kelayotgan jonajon makonni qanday atasak to‘g‘ri bo‘ladi – Markaziy Osiyo­­mi, Movarounnahrmi, Turkistonmi?! Lo‘nda javob shundayki, qanday atashimizdan qat’i nazar, mintaqaning umumiy o‘zligi bo‘lishi shart. Ayni masalada o‘rtaga haqqoniy bir savol qo‘yish ham mumkin: Yevropaning o‘zligi bor, nega ayni muhim umumkod Markaziy Osiyoda bo‘lmasligi kerak? Bu iddaoga qarshi kimdir «mintaqada hamma bir tilda gapirmaydi-ku», deyishi mumkin, lekin ana, Yevropada ham turli tillarda gap­lashishadi, ammo ularning mushtarak qadriyatlari, umumiy tarixiy meros va o‘xshash madaniyatlari bor, Yevropa qadriyatlari, bu ularniki. Markaziy Osiyoning ham, albatta, o‘z qadriyatlari bor, buni birov inkor eta olmaydi. Muhtaram Shavkat Miromonovich ayni shu omilga tayanmoqdalar. Bu juda ham muhim.

    – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuv­ning bir mavsumi o‘tib, ikkinchi davrasi start oldi. Endi bu formatni institutsionallashtirish zarurati paydo bo‘lmadimi, degan savol tug‘ilyapti...

    – Integratsiya, institutsionallashtirish nihoyatda mas’uliyatli so‘zlar va jarayon yuqori darajadagi hamkorlikni talab etadi. Nima uchun Yevropa – Yevropa Ittifoqi bo‘ldi. Chunki ulardagi yagona tizim, yagona yondashuvlar, yagona tamoyillar, andazalar va eng muhimi, mushtarak qadriyatlar shuni taqozo etdi. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyoga hali vaqt bor. Biz bu o‘rinda qandaydir mamlakatlar, davlatlardan ustun turgan tuzilmalarni tuzish haqida o‘ylashdan ko‘ra, hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘llarni ko‘proq o‘ylashimiz kerak, menimcha. Bu borada Prezidentimiz tomonidan katta ishlar amalga oshirilayotganini bugun barcha ko‘rib turibdi.

    Yaqinda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida O‘zbekiston diplomatiyasi tarixiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti o‘tkazildi. O‘sha tadbirda Qozog‘istonning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov shunday dedi: «O‘zbekiston Respublikasi lideri Shavkat ­Miromonovich Mirziyoyevning maslahat uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha yorqin tashabbusi Markaziy Osiyo taqdirini o‘zgartirdi». Bu juda adolatli e’tirof.

    – Aslini olganda globallashuv davrida yirik hamda dunyo tamadduniga ta’siri bo‘lgan mintaqamizdagi bunday tarixiy burilishlarning umume’tirof etilishi, xalqaro hamjamiyatning bu o‘zgarishlarga munosib bahosi haqida nimalar deya olasiz?

    – Tashabbuslar bo‘ladi, u qanday natija berishi mavhum bo‘lishi mumkin... Biroq bu, qozog‘istonlik diplomat tilga olgan e’tirof yana bir bor qaytaraman, to‘liq asos bilan Markaziy Osiyoni katta talafot, katta portlashdan saqlab qolgan natijadir. Nima uchun ba’zi davlat rahbarlari ilgari surgan tashab­buslar biror natija bersa-bermasa, tashabbuslari turli xalqaro mukofotlar, hatto tinchlik bo‘yi­­cha Nobel mukofotiga loyiq ko‘riladi-yu, ­boshqalarnikiga chap ko‘z bilan qaraladi? Vaholanki, mukofotlar taqdim etilgach, aksiga olib, tinch­lik muhiti urushlarga bog‘lanib ketgan holatlarni ham tarixda ko‘rganmiz.

    O‘zbekistondek mintaqaviy maqomga ega yirik davlatning rahbari shunday strategik tashabbus bilan chiqib, uni asos­­li das­turlar bilan mustahkamlab, mintaqaviy iqtisodiyot doktrinasini ishlab chiqqaniga nega e’tibor berilmasligi kerak? Men aminmanki, bu xizmat, mintaqa tinchligini saqlab qolish, saqlab qolishgina emas, uning ravnaqi, iqtisodiy rivoj­lanishiga ham katta turtki bergan tashab­­buslar ham aslida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga to‘la munosib.

    Tarixdan bilamizki, Markaziy Osiyo doi­­mo 4 ta yirik mintaqa – Xitoy, Hind yarim oroli, Yaqin Sharq va O‘rta Sharq, hatto Rossiya va u orqali Yevropaga ham katta ta’sir ko‘rsatib kelgan. Ushbu to‘rt mintaqada bugun ­qudrat egaligiga da’vo qilayotgan mamlakatlar paydo bo‘lishida Markaziy Osiyodan chiqqan shaxslarning hissasi katta bo‘lgan. Turkiyani olasizmi, Hindistondagi Boburiylarni olasizmi, Xitoy madaniyati va tamaddunini o‘rganasizmi, ta’sirimizni yaqqol sezishingiz mumkin. Bugun ham Markaziy Osiyo yangi Osiyo­­da, dunyoda katta rol o‘ynayapti, deb to‘la ishonch bilan ayta olamiz.

    Qolaversa, nafaqat madaniyat va intellektual salohiyat, balki Yevroosiyoni bog‘lovchi asosiy transport yo‘laklari ham aynan Markaziy Osiyoda bo‘lgan. Mintaqaning energetik zaxiralari, rivojlanayotgan iqtisodiyoti dunyo bozorlariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, eng yirik iqtisodiyotli Xitoy, o‘sib kelayotgan iqtisodiyotli Hindiston, Pokiston kelajagida aynan Markaziy Osiyodagi zaxiralar katta rol o‘ynashi mumkin. Markaziy Osiyoning sivilizatsion o‘rni, madaniyatdagi o‘rnini oling. Bugun dunyoning asosiy muammosi turli madaniyatlar, turli sivilizatsiyalar orasidagi nizolar bilan bog‘liq. Barcha muammolar shundan kelib chiqyapti. Ya’ni o‘zaro tushunish, o‘zaro ishonch tanqisligi...

    Markaziy Osiyo Islom dunyosining yuragida joylashishi bilan birga, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ishtirokchisi hamdir. Aynan shu yerda turli madaniyatlar, dinlar, sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot doimo bo‘lib kelgan. Va ayni multikulturalizm ham dunyo hamjamiyatiga namuna bo‘lishi mumkin. Bugun O‘zbekiston olib borayotgan siyosat ham aynan Markaziy Osiyoning rivojini ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molik. Bu faqat mintaqaviy emas, global ahamiyatga ega yutuq, aslida.

     O‘zbek diplomatiyasining bugungi, o‘ziga xos bir qiyofasining chizgilari nimalarda yaqqol ko‘rinadi?

    – Tarix saboqlari, undan to‘g‘ri xulosa chiqarish – muvaffaqiyatli rivojlanish, taraqqiyotning eng muhim talablaridan biri. Nima uchun o‘tmishda Markaziy Osiyo, deylik, O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan davlatlar o‘z mavqei, kuchi, ta’siri bo‘yi­­cha hozir biz eng yirik, global davlatlar deb biladigan mamlakatlardan beqiyos ravishda ustun turgan? Odamning ishonishi qiyin, IX-XI asrlarda Markaziy Osiyoda, Samarqandda zarb etilgan dirham pul birligi o‘sha paytda jahon savdosining 60-70 foizini ta’minlab bergan. Xuddiki bugungi dollardek. Hatto Skandinaviyadagi vikinglar o‘z o‘ljalarini dirhamga aylantirishga harakat qilgani haqida tarixiy manbalarda keltirilgan. Chunki o‘sha paytdagi eng kuchli valyuta, pul birligi Samarqand dirhami bo‘lgan. Nima uchun?! Chunki uning zamirida iqtisodiyot, fan, harbiy kuch va salohiyat yotadi.

    Savol tug‘iladi: bunday muvaffaqiyatga qanday erishilgan va nega u yo‘q bo‘ldi? Va biz qanday qilib, o‘sha Renessansni qayta «uyg‘otishimiz» mumkin?

    Tarix saboqlari shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoning gurkiragan, gullagan paytida uzoq masofali savdo uchun imkoniyatlar yaratilgan edi. Ya’ni savdo muhim. Lekin bu yaqindagi shahar yo qishloq bilan savdo qilish emas. Samarqanddan Koreya, Vizantiya bilan savdo aloqalarini o‘rnatish, nafaqat tovar ayirboshlash, balki g‘oya­lar, fan, madaniyat ayirboshlash degani edi. Uzoq masofali savdo uchun yaratilgan imkoniyatlar huquqiy, xavfsizlik nuqtayi nazaridan ta’minlangan bo‘ladi. Shu bois o‘sha davrlarda bu yerda madaniyat, fan rivojlangan. Chunki o‘zini o‘zi boyituvchi madaniyatlar uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilgan tashqi siyosat, ya’ni ochiqlik va ko‘p vektorlik mana shu tarix saboqlaridan kelib chiqmoqda, deb hisoblayman.

    2016-yilgacha biz shuni esdan chiqardik. Qo‘shnilar bilan hatto chegaralarni minalashtirib tashladik. Mintaqada ichki savdo atigi 8 foizni tashkil qilgan. Oxirgi 5-6-yil mobaynida esa Markaziy Osiyodagi mintaqaviy savdo bir necha barobarga ortib, 11 milliard dollarga yetdi. Bu Prezidentimiz olib borayotgan tashqi siyosat natijalaridan, tarix saboqlari va ularni qanday ­tatbiq etishning misollaridan biri. Shu asnoda biz ko‘rib turibmizki, O‘zbekistonning yangi diplomatiyasi paydo bo‘ldi. Bugun O‘zbekiston tashqi siyosatini hamma biladi, taniydi. Unga pragmatizm, ya’ni maqsadga qaratilganlik, viqor, salmoqlilik xos. Tashab­buskorona xarakterga ega u.

    Ilgarigi davrlarda kutib, vaziyatga qarab o‘tirardik. Biror hodisa bo‘ldimi, unga moslashishga harakat qilardik. Bu faol emas, passiv siyosat. Diplomatiyada «Preventiv diplomatiya», ya’ni oldindan ko‘ra bilish, degan so‘z bor. U g‘alaba keltiradi. Shu bois O‘zbekiston so‘nggi 7-8-yil mobaynida BMT bir ovozdan qabul qilgan 10 dan ortiq rezolyutsiyaning muallifi bo‘ldi. Bosh­­qa yirik global davlatlar bunday samara ko‘rsata olmadi. Bu rezolyutsiyalar havoyi emas, bevosita xalqlar oldida turgan muammolar yechimiga qaratilgan. Masalan, Orol dengizi muammosi, Markaziy Osiyoda konsultativ maslahatlashuv uchrashuvlarini ta’sis etish, parlamentlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash – bularning hammasi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiyalarning qabul qilinishidir.

    Biz yaqinda hisoblab chiqdik. So‘nggi yillar mobaynida turli darajadagi global va mintaqaviy katta uchrashuvlarda, faqat BMT emas, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH mamlakatlari, Markaziy Osiyo bilan bog‘liq xalqaro formatlarda O‘zbekis­ton tomonidan 300 dan ortiq tashabbuslar ilgari surilgan. Tabiyki, bu tashabbuslar bir kunda yaratilmaydi. Ularning zamirida chuqur tahlil, hisob-kitob, oqibat-natijalarini to‘g‘ri bilish yotadi. Bu ­­­Yangi O‘zbekiston dip­­lomatiyasining salmoqli, salobatli, pragmatik va tashabbuskorona xarakterga ega qiyofasini ko‘rsatadi.

    Mintaqa maqomiga ega davlatlarning rivoji, taraqqiyoti atrofidagi davlatlar taqdirini belgilaydi. O‘zbekiston ham xuddi shunday davlatga aylanib bormoqda. Bu xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Demakki, so‘nggi yillarda yana bir muhim burilish ro‘y bermoqda. O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy, balki umumbashariy muammolarni hal qilish borasida ham faol harakat olib bormoqda. Masalan, aynan O‘zbekiston rahbariyati butun dunyo ekologik talafot bo‘sag‘asida turgani haqida BMTda gapirmoqda. Prezidentimiz bugun davlatlar o‘zaro ziddiyatlarni chetga surib, bitta kemada ekanimizni anglab yetishi kerakligini uqtirmoqda.

    Transchegaraviy – chegarani bilmaydigan xavf-xatarlar, deymiz. Hech bir mamlakat uni ham, ekologik masalalarni ham tanho o‘zi hal qilolmaydi. Xalqaro muammolarga o‘zaro hamkorlikda yechim topish kerak. Shuning uchun ham O‘zbekiston diplomatiyasi tarix saboqlaridan xulosa chiqargan holda, ham umumbashariy, ham umummintaqaviy muammolarni hal etishga doimo tayyor.

    Mana shunday siyosiy doktrina va diplomatik muvaffaqiyatlar zamirida nafaqat tinchlikni saqlash, balki uni mustahkamlash, mintaqani umumiy taraqqiyot sari yetaklash prinsipi yotadi. Bugun Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti aynan shu mafkuraning mantiqiy davomi, amaldagi isbotidir. Prezidentimiz raisligida o‘tayotgan mazkur sammit nafaqat Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yaqinlashuv ramzi, balki Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatuvchi voqelikdir.

    «Kelajakka sarmoya kiritish» shiori ostida tashkil etilayotgan bu sammit – mamlakatimiz tashqi siyosatining faqat iqtisodiy emas, balki sivilizatsion, umuminsoniy tamoyillarga tayangan holda shakllanayotganini ko‘rsatadi. Yevropa Ittifoqining yetakchi rahbarlari, Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari, xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirok etayotgan ushbu anjuman – yangi geosiyosiy arxitekturada O‘zbekistonning o‘z o‘rniga ega ekanini e’lon qiluvchi tarixiy sahifadir.

    Mirziyoyev doktrinasi bugun nafaqat mintaqada, balki global siyosatda ham ustuvor nuqtaga aylanib bormoqda. U faqat Markaziy Osiyoni emas, balki Afg‘onistondan to Yevropagacha qamrab olgan keng makonni o‘zaro bog‘laydigan, barqaror taraqqiyot va muloqotni ta’minlovchi doktrina sifatida yuksalmoqda. Samarqand sammiti aynan shu qarashning, yangi siyosiy tafakkurning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Bu – yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi siyosiy subyekt sifatida shakllanayotganini anglatuvchi yangi bosqich. Va bu, albatta, Mirziyoyev siyosiy doktrinasining tarixiy yutug‘idir.

    – Sodiq Solihovich, mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!



    “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari

    bosh muharriri

    Husan ERMATOV
    suhbatlashdi