
“Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” tahlil markazlari forumi doirasida JIDUda xalqaro mutaxassislar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
“Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” tahlil markazlari forumi doirasida JIDUda xalqaro mutaxassislar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

2025-yil 18-19 mart kunlari “Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” tahlil markazlari forumi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan mutaxassislar bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida uchrashuvlar tashkil etildi.
Xususan, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Tahlil, prognozlash va strategiya markazi katta kotibi Mari Pare va Fransiya elchixonasi vakili Maksim Gehringer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parijga amalga oshirgan davlat tashrifi va uning ikki tomonlama munosabatlarni jadallashtirishdagi ahamiyati, Fransiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarning joriy holati va istiqbollari hamda joriy yil aprel oyida rejalashtirilayotgan “Yevropa-Markaziy Osiyo” sammiti yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, fransuz tomoni bilan ikki davlat tadqiqotchilari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi.
JIDU Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov Finlyandiyadagi Martti Ahtisaari tinchlik fondi (CMI) vakillari Antti Turunen, Minna Kukkonen-Karlander va Janan Mosazai bilan bo‘lgan suhbatda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish sohasidagi tadqiqotlar, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlarida Afg‘oniston masalasiga e’tibor qaratildi.
Ilmiy va amaliy sohalarda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida, Finlyandiyalik mutaxassislarga JIDUda suv diplomatiyasi bo‘yicha master-klasslar tashkil etish taklif etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Italiyaning oliy ta’lim sohasida hamkorligini rivojlantirish maqsadida, Universitetga ushbu davlat OTMlari vakillaridan iborat delegatsiya tashifrif buyurdi.
Ka Foskari, Milano-Bikokka, Tusha va Sent-Endryus universitetlari mutaxassislaridan tashkil topgan delegatsiyaga Italiya-Markaziy Osiyo “5+1” vazirlar darajasidagi uchrashuv koordinatori Federico Failla va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Marko Farchi boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida, Universitetlar o‘rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirish, doktorantlar uchun yozgi maktablar, qo‘shma tadqiqotlar, talabalarga ilmiy maqolalar yozish bo‘yicha mentorlik qilish, Yevropaning nufuzli jurnallarida maqolalar nashr etish hamda grantlarga hamkorlikda arizalar topshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqishga kelishib oldilar.