
JIDUda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 19-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlandi. Bahorning ilk nafasi, tabiatning uyg‘onishi va milliy qadriyatlarimizning ulug‘lanishiga sabab bo‘lgan ushbu bayram xalqimiz uchun chin ma’nodagi quvonch va shodiyona ruhini olib keldi.
Bayram tadbirida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tyutorlar va talabalar faol ishtirok etib, bayramga o‘ziga xos ruh bag‘ishladilar.
Shuningdek, tadbirda xorijlik mehmonlar, diplomatik korpus rahbarlari, yozuvchilar, san’atkorlar, universitetga biriktirilgan mahallalalardan vakillar ham ishtirok etdilar.
“Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda, milliy sport o‘yinlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari hamda xalqimizning boy madaniy merosini aks ettiruvchi turli tadbirlar barchaga unutilmas zavq bag‘ishladi.
Har bir burchakda bahor nafasi, xursandchilik va milliy urf-odatlar jo‘sh urib, haqiqiy Navro‘zona kayfiyat hukm surdi. Nafis bezatilgan universitet hududida barcha fakultet o‘qituvchilari va talabalari, JIDU akademik litseyi o‘quvchilari yurtimiz viloyatlari namoyish etilgan va tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan milliy taomlar bilan dasturxonlarni bezatdilar. Barchaga an’anaviy sumalak va bayromona osh tortildi.
Bayram doirasida sport musobaqalari, shuningdek, rang-barang konsert dasturi bo‘lib o‘tdi, unda JIDU talabalari o‘z iste’dodlarini namoyish etdilar – qo‘shiq kuyladi, raqsga tushdi, she’r o‘qidi.