
JIDUda “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” ga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi
JIDUda “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” ga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi

Joriy yilning 5-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayramiga bag‘ishlangan “Ayol — bahor fasli timsoli” mavzusida “Balli diplomat qizlar” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
JIDU Xotin-Qizlar Maslahat Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalari va Akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirni JIDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Odil Yusupdjanov tabrik so‘zi bilan ochib berib, ayollarning jamiyatdagi o‘rni, ularning ilm-fan, pedagogika, yoshlar tarbiyasidagi roli haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda har doim ayollarga katta e’tibor berilib kelinmoqda, bugungi kunda ular siyosat, boshqaruv, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda muhim o‘rin tutadi. Diplomatik kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shadigan ko‘plab ayollar, yuqori malakali mutaxassislar, olimlar JIDUda muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Tadbir doirasida “Balli diplomat qizlar” tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlov dasturi bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, unda JIDU talabasi bo‘lgan diplomat qizlar o‘zlarining serqirra qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Birinchi bosqichda ishtirokchilar ijod va diplomatiya o‘rtasidagi aloqani ko‘rsatgan holda o‘z iste’dodlarini namoyish etishdi. Ikkinchi bosqich diplomatik protokol va odob-axloqqa bag‘ishlandi. Bu diplomat faoliyatining ajralmas qismi bo‘lib, madaniyatlararo muloqot an’analari va nozikliklarini chuqur tushunishni talab etadi. Yakuniy bosqichda esa bahor, madaniyat va siyosatni san’at nigohidan idrok etishni aks ettiruvchi badiiy chiqishlar namoyish etildi. Qizlar ushbu shartlarda bellashib, ijodkorlik, bilim va raqs bo‘yicha o‘z iste’dodlarini namoyon etib sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, tadbir qatnashchilari uchun Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’at instituti talabalari tomonidan ajoyib konsert dasturi ijro etildi.