
JIDU vakillari oliy ta’lim sohasini xalqarolashtirishga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdilar
JIDU vakillari oliy ta’lim sohasini xalqarolashtirishga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdilar

Joriy yilning 1-8 mart kunlari AQSHning Hyuston shahrida (Texas shtati) bo‘lib o‘tgan Xalqaro ta’lim ma’murlari uyushmasi (The Association of International Education Administrators - AIEA)ning yillik yig‘ilishida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Oliy ta’lim sohasini xalqarolashtirish va xalqaro hamkorlik strategiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan ushbu konferensiya “Building Bridges: Leading Internationalization in a Changing World” mavzusi ostida dunyoning turli mamlakatlaridan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro hamkorlik koordinatorlari va mas’ullarni birlashtirdi.
Tadbir oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslash va takomillashtirish, uni xalqaro miqyosda barqaror rivojlantirish konsepsiyalarini ishlab chiqish va xalqaro hamkorlik strategiyasini rivojlantirish, talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar mobilligi, xorijiy talabalarni universitetga qabul qilish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma tadqiqotlar, madaniyatlararo muloqot va protokol masalalariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq sessiya va davra suhbatlarini o‘z ichiga oldi.
Konferensiya doirasida “AQSH va Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish strategiyalari va imkoniyatlari” mavzusidagi panel sessiyasi (Strategies and opportunities for building partnerships between U.S. and Central Asian higher education institutions) tashkil etildi. Unda JIDU birinchi prorektori O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda Respublika OTMlarining xalqarolashuvi yuzasidan nutq so‘zladi.
Taqdimot davomida, A. Umarov JIDU faoliyati, uning asosiy maqsad va vazifalari bilan ishtirokchilarni tanishtirar ekan, AQSh universitetlari bilan hamkorlik istiqbollari va yo‘nalishlari yuzasidan aniq takliflarni ilgari surdi.
Shu bilan birga, AQSHning bir qator yetakchi universitetlari, jumladan Pennsylvania State University, University of Wisconsin-Madison, University of California, Davis (UC Davis), Washington University in St. Louis, George Washington University, Colorado State University, Indiana University, University of Delaware, University of Illinois Chicago va boshqalar bilan ikkitomonlama muzokaralar olib borildi.
Bunda, JIDU va AQShning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar mobilligi, qo‘shma tadqiqot va loyihalar amalga oshrirish, hamkor universitetlar tadqiqotchilarini JIDU ta’lim jarayoniga jalb qilish, amerikalik talabalarning tadqiqot uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi muhokama qilindi.