
JIDUga Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi tashrif buyurdi
JIDUga Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi tashrif buyurdi

Joriy yilning 6-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Bosh kotibi Nurlan Yermekbaev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, JIDU professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdilar.
Tashrif Nurlan Yermekbaevning JIDU rahbariyati bilan rasmiy uchrashuvidan boshlandi.
Ushbu uchrashuvda universitetning SHHT loyihalari doirasidagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, xalqaro munosabatlar sohasida malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Tashrif doirasida “SHHT va O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida Shanxay hamkorlik tashkilotining faoliyati, uning zamonaviy jahon siyosatidagi o‘rni hamda tashkilotni kelgusida rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev tadbirni ochib, SHHT mamlakatlariga dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘i va global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ko‘prog‘i to‘g‘ri kelishini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, u “SHHT oilasi” birligi mustahkamlanishi natijasida paydo bo‘layotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va birgalikda rivojlanish tamoyilini izchil ravishda hayotga tatbiq etish mumkinligini ta’kidladi.
Davra suhbati ishtirokchilari SHHT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik, madaniy-gumanitar hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Qiziqarli muloqot yakunida JIDU talabalari va o‘qituvchilari SHHT Bosh kotibiga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar. Savollarga javob berar ekan, Nurlan Ermekbayev yosh mutaxassislarning xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qanday hissa qo‘shishlari mumkinligi haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etdi. Xususan, u JIDUning ushbu sohadagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri sifatida SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadigan kelajak diplomatlar va ekspertlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ushbu tadbir SHHT vakillari, diplomatlar va akademik hamjamiyat o‘rtasida tajriba va fikr almashish maydoniga aylandi, bu esa tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida muloqot va o‘zaro tushunishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
SHHT Bosh kotibining JIDUga tashrifi yakunlari bo‘yicha akademik muhit va SHHT o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradigan ma’ruzalar, seminarlar va talabalar uchun amaliyot kabi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Sana: | 07.03.2025 |
Ko'rganlar soni: | 728 |
Ulashish: |