
JIDUda O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekistonda diniy sohadagi siyosat” va “Ommaviy ong manipulyatsiyasi” mavzularida O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda akademiyaning dotsenti Nuriddin Qalqonov va Din psixologiyasi kafedrasi psixologiya fanlari doktori Mirmuxsin Akramovlar maʼruza bilan ishtirok etishdi.
N.Qalqonov Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlangani, uning maqsadi, vazifalari, prinsiplari va ustuvor yo‘nalishlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni taʼminlashga qaratilganligi to‘g‘risida talaba-yoshlarga batafsil maʼlumot berdi.
Psixolog M.Аkramov tomonidan “Ommaviy ong manipulyatsiyasi” mavzusidagi maʼruzada manipulyatsiya so‘zining maʼnosi, uning psixologiyada qanday qo‘llanishi, manipulyatsiya uchun sabablar to‘g‘risida tushunchalar berildi. Ongni boshqarish orqali odamni har qanday xatti-harakatga undash mumkin. Psixolog va sotsiolog olimlarning taʼkidlashicha, manipulyatsiya – inson ongiga taʼsir turlaridan biri hisoblanib, undan kishini maʼlum xatti-harakatlarni amalga oshirishga bilvosita undash orqali bir tomonlama yutuqqa erishish maqsadida foydalaniladi. Hozirgi paytga kelib axborot tizimi butun jahonni qamrab oldi. Internet, uyali telefon aloqasi, radio va televideniye umumjahon miqyosida keng tarqaldi. Xalqlar, mintaqalar, qitʼalararo aloqalar jadallashdi. Insoniyatning muvaffaqiyatlari ham, kulfatlari ham global xarakter kasb etdi. Taassufki, madaniy gegemoniya o‘rnatish o‘zga hududlarni o‘z taʼsir doirasiga olish, inson ongini boshqarishning keng tarqalgan texnologiyasiga aylanyapti.
Axborot makonida globallashuv va kuchli raqobat sharoitida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, yosh avlodning media savodxonligi va internetdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, milliy segmentni rivojlantirish, yoshlarni axborot-psixologik xurujlardan himoya qilish texnologiyalarining nazariy asoslarini takomillashtirish amaliy ahamiyatga ega. Bundan ko‘rinadiki, yoshlar zamonaviy axborot xurujlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri obyekti sanaladi. Shu bois o‘smirlar va yoshlarni ongini zaharlovchi zid g‘oyalar taʼsiridan asrash va bu kabi axborotlarning to‘riga ilinmaslik maqsadida axborotni xolisona baholash, axborotlar tizimida ijobiy va salbiy taʼsirga ega xabarlarni “filtr”lash – yaʼni, foydali axborotni qabul qilib, zararli axborotlar taʼsiriga berilmaslik koʼnikmalarini shakllantirish davr talabi bo‘lib qolmoqda.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarning barchasiga mutaxassislar javob berdilar.