
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari zamirida mamlakatning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini amaliy tahlili hamda strategik imkoniyatlari va raqobatli ustunliklari, qisqa va uzoq muddatli bo‘lgan istiqbollari va chaqiriqlarni ekspertlar tomonidan tizimli baholanishi dolzarb va ahamiyatlidir. O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi mavzusiga bag‘ishlangan Kengashning ilmiy-amaliy seminarlari turkumida i.f.d., prof. Ahmedov D.K., i.f.d., prof. Sirajiddinov N. va PhD Yakubxodjaev U. ishtirokidagi ilmiy-amaliy seminar tashkil etilgan edi.
Navbatdagi ilmiy-amaliy seminar 2025-yil 27-fevral kuni bo‘lib o‘tdi, unda i.f.d., professor N.Sirajiddinov “O‘zbekistonning JSTga kirishi: muammolar va istiqbollar” mavzusiga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Tadbirda JIDU rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Muallif o‘z ma‘ruzasi va taqdimotida JSTga qo‘shilish istiqbollari orasida import proteksionizmi va narxlarning keskin o‘zgarishi darajasining pasayishi, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida monopoliya darajasining pasayishi, TMKlar tomonidan lobbichilik va raqobat muhitini shakllantirish darajasining pasayishi; investitsiya muhitining yaxshilanishi va tog‘ridan- to‘g'ri xorijiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirilishi, eksportda savdo to‘siqlarining pasayishi, savdoning shaffofligi, diskriminatsiya va adolatsiz savdo choralaridan himoyalanganligi, global savdo qoidalariga ta‘sir qilish imkoniyatlari mavjudligi kabi masalalarga ahamiyatini qaratdi.
Ma’ruzachi qisqa muddatli muammolar va chaqiriqlar sifatida quyidagilarni belgilab berdi: mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatining kuchayishi, xalqaro standartlarga moslashish, byudjet daromadlarining qisqarishi, milliy ishlab chiqarishni himoya qilish imkoniyatlarining cheklanganligi; uzoq muddatli istiqbolda: tashqi bozorlarga qaramlik, doimiy islohotlar zarurati, davlat siyosatini amalga oshirishdagi ayrim cheklovlar, JSTda manfaatlarni himoya qilishda muammolar.
Muallifning fikricha, iqtisodiy siyosatni doimiy ravishda takomillashtirish hamda xarajatlarni minimallashtirish va maksimal foyda olishga qaratilgan qo‘shilish jarayonining tashkillashtirilishi muhim ahamiyatga ega.
Ilmiy-amaliy seminarning yakuniy qismida savol-javoblar doirasida dolzarb savollar va mulohazalar bilan tadbir ishtirokchilari so‘zga chiqdilar.