BMT Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi vakillari va JIDU talabalari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi

BMT Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi vakillari va JIDU talabalari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi

    BMT Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi vakillari va JIDU talabalari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi

    BMT Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi vakillari va JIDU talabalari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi

    2025-yilning 26-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi Yoshlar siyosatini muvofiqlashtirish bo‘yicha departamenti boshlig‘i Sudha Balakrishnan va ushbu departament dastur boshqaruvi bo‘yicha xodimi Bianka Lui Gertsog tashrif buyurdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.

    Uchrashuvda Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor O. Yusupdjanov, Xalqaro akademik hamkorlik ofisi boshlig‘i G. Mirxalilova, JIDU yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi A. Raximov va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari ishtirok etdilar.

    Tashrif davomida BMT vakillariga universitet faoliyati, JIDU yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumot berildi.

    Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlarga, yoshlarning davlat siyosati va kun tartibidagi o‘rniga, shuningdek, BMT Yoshlar ofisi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holatiga oid fikrlar almashildi. 

    Sudha Balakrishnan Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 14-fevraldagi yoshlar bilan muloqoti va unda muhokama qilingan masalalarning dolzarbligini yuqori baholab, O‘zbekistonning yoshlarga yaratgan imkoniyatlarini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekistonda yoshlar iqlim o‘zgarishi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Buni yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va tadbirkorlik sohasidagi yutuqlar orqali ko‘rish mumkin.

    Shuningdek, Sudha Balakrishnan “BMT va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlar siyosati sohasida hamkorlik istiqbollari” mavzusida JIDU talabalari bilan davra suhbatini o‘tkazdi.

    Tadbirda talabalar va mehmonlar BMT tuzilmalarining O‘zbekistondagi faoliyati, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qadamlar, yosh yetakchilarga kerak bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar yuzasidan fikr almashdilar.

    Tadbir yakunida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi bilan hamkorlikni kengaytirish va bunday uchrashuvlarni doimiy tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.