
JIDU delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyurdi: hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish
JIDU delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyurdi: hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish

Joriy yilning 17-20 fevral kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov rahbarligidagi delegatsiya Yaponiyaga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad yetakchi universitet va jamg‘armalar bilan akademik aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini ilgari surish edi.
Tashrif doirasida JIDU vakillari Tsukuba universitetiga borib, u yerda xalqaro ishlar bo‘yicha prorektor Jun San bilan uchrashdi hamda akademik almashinuv va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Bundan tashqari, A.Umarov magistratura va doktorantura talabalari uchun “Markaziy Osiyoda davlat boshqaruvi tendensiyalari: iqtisodiy rivojlanish va barqarorlikni shakllantirish” mavzusida ochiq ma’ruza o‘qidi. Dastur yakunida delegatsiya, shuningdek, Tsukubada tahsil olayotgan vatandoshlar bilan suhbatlashib, ularga JIDUda ish imkoniyatlari va “NipCA” dasturi ko‘magidagi pilot loyihasi tafsilotlarini taqdim etdi.
Delegatsiya a’zolari Tokio chet tillar universiteti (TUFS)ga ham tashrif buyurdi. TUFS rektori Kayoki Xayashi bilan suhbat chog‘ida talabalar almashinuvini kengaytirish istiqbollari va yaponiyalik talabalar uchun nafaqat JIDUda xalqaro munosabatlarni o‘rganish, balki yapon tili bo‘yicha o‘qituvchilik qilish imkoniyatlari muhokama etildi. Yaponiya tomoni O‘zbekistonga malakali mutaxassislarni yuborish va magistratura darajasida qo‘shma diplom dasturlarini birgalikda ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Rus tilini chuqur o‘rganish va xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘shimcha fanlarni kiritish rejalari alohida muhokama qilindi.
“The Nippon Foundation” va “Sasakawa Peace Foundation” rahbariyati bilan uchrashuvlarda delegatsiya Afg‘oniston yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratgan holda qo‘shma tadqiqot loyihasi konsepsiyasini taqdim etdi. Tomonlar Afg‘oniston bo‘yicha tadqiqotlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Yaponiya jamg‘armalari vakillari universitet qoshida yangi tadqiqot markazlarini ochishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini izhor etdilar. Bundan tashqari, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi maslahatlashuvlar va yaqin kelajakda “The Nippon Foundation” rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar ta’lim, ilmiy-tadqiqot va madaniyat sohalarida muntazam aloqalar o‘rnatish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga intilishlarini tasdiqladi. Yaqin istiqbolda akademik dasturlar va istiqbolli ilmiy tadqiqotlar to‘g‘risida bitimlar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.