
JIDUda O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi Elchisi bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi Elchisi bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 29-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Nuritdinovich Arziyev bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda JIDUning akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori A. Umarov, fakultet dekanlari, shuningdek, universitetning tegishli kafedralari va bo‘linma vakillari ishtirok etdi.
Muhokama davomida Elchi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning, jumladan, ta’lim sohasidagi aloqalarning jadal rivojlanayotganligini ta’kidlab, ikki davlat universitetlari o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirishga oid rejalar haqida so‘z yuritdi. U bilim va tajriba almashish zaminini yaratish, shuningdek, ilmiy va ta’lim hamkorligini jadallashtirish muhimligini alohida qayd etdi.
JIDU prorektori universitetning xitoylik hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, xususan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ta’lim loyihalari va akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha rejalarni ta’kidladi. Shuningdek, universitet Xitoydagi ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surish ustida faol ish olib borishiga urg‘u berildi.
O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi ushbu yo‘nalishlardagi faol hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni faollashtirish, qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish va O‘zbekiston-Xitoy ilmiy va ta’lim sohasidagi aloqalarini yanada mustahkamlash yuzasidan bir qator ishlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.