Roʻyxatdan oʻting


 “Pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri: dastlabki saboqlar, koronainqiroz va transformatsiya istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya

Tadbir nomi: "Pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri: dastlabki saboqlar, koronainqiroz va transformatsiya istiqbollari"

Tadbir turi: onlayn konferensiya

Sohalar: Xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, moliya, huquqshunoslik

Konferensiya ishchi tillari: o'zbek, rus, ingliz

Umumiy holatlar:

Konferensiyaga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga oid mazkur kontseptsiya ilmiy-amaliy onlayn-konferensiya shaklida tashkillashtirilayotgan anjumanning maqsadlari, vazifalari, taxminiy tartib va reglamentini belgilab beradi.

Konferensiya pandemiya, undan olingan dastlabki saboqlar, koronavirus inqirozidan chiqish yuzasidan tavsiyalar va bunday favqulodda vaziyatlarga jahon miqyosida tayyor bo‘lishni kuchaytirishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan.

Konferentsiyaning dolzarbligi:

Koronavirus pandemiyasining halokatli ta’siri 2020 yilda butun dunyo hamjamiyati uchun haqiqatan ham jiddiy sinov bo‘ldi. Ushbu virusning tarqalishi allaqachon “sog'liqni saqlash tizimlarining barqarorligi uchun eng muhim muammo” toifasidan inson faoliyatining barcha sohalari uchun jiddiy tahdid tusini oldi. Kuchayib borayotgan xavfga qarshi kurashda yer sharining deyarli barcha davlatlari milliy chegaralarning yopilishini, fuqarolik transport kommunikatsiyalarining to’xtatilishini, shuningdek yirik sanoat korxonalari faoliyatini to’xtatib turish yoki sezilarli darajada cheklashni anglatuvchi tashqi dunyodan ajralish/izolyatsiya yo’lini tanladilar.

Koronavirus inqirozi dunyoning ko’plab mamlakatlari uchun menejment samaradorligi, g’ayrioddiy vaziyatlarga tayyorligi va butun tizimning mustahkamligi sinovi vazifasini o‘tadi. Pandemiya nafaqat sanitariya va epidemiologik kamchiliklarni yuzaga chiqardi, balki davlatlarning geosiyosiy, iqtisodiy va moliyaviy tizimlariga ta’sir ko’rsatdi.

Ushbu pandemiya globallashuvni kengaytirish, xalqaro institutlarni rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini yaratish bo’yicha ko‘p yillik harakatlarga jiddiy zarar yetkazdi. Koronavirusga qarshi kurashda suveren davlatlar va milliy hukumatlar rolining keskin ortishi globallashuv davrining nihoyasiga yetgani va o’zaro hamkorlikning xalqaro va mintaqaviy formatlari muvaffaqiyatsizligi borasida katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Tovar yetkazib berish zanjirlarining tizimli uzilishlari, yo’lovchilar tashishning to’xtatilishi, chegaralarning yopilishi, viza qoidalarining kuchayishi, protektsionizmning o’sishi, pandemiyaga qarshi kurashda tushunarli xalqaro mufoqilikning mavjud emasligi globallashuv davrining barcha muhim yutuqlarini ko‘p jihatdan  falaj ahvolga keltirib qo’ydi.

Davlatlarning asosiy vazifalari:

  • infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida aholi salomatligi uchun zarur bo'lgan tizim yechimlarini ishlab chiqish;
  • koronavirus inqirozidan chiqish, sayyohlik oqimini tiklash, sarmoyalarni jalb qilish, iqtisodiy o’sish, transport yo‘laklarini tiklash va xk. strategiyasini ishlab chiqish;
  • favqulodda vaziyatlarga o’z vaqtida va muvofiqlashtirilgan ta’sir ko’rsatish uchun normativ-huquqiy asosni takomillashtirish;
  • favqulodda vaziyatlarda infodemiyaga qarshi turish;
  • innovatsion boshqaruv usullarini joriy etish;
  • kambag‘allik, tengsizlik va oziq-ovqat inqirozining keskin ortishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Konferensiya maqsad va vazifalari:

  • Pandemiyadan keyingi davr uchun taraqqiyot strategiyasini muhokama qilish;
  • koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashning ilg’or tajribalarini o’rganish;
  • barcha sohalarda inqirozdan chiqish yuzasidan tavsiyalarni umumlashtirish va  ishlab chiqish;
  • xalqaro va mintaqaviy boshqaruv tizimlaridagi o'zgarishlarni, inqirozli vaziyatlarga ta’sir o’tkazish va hamjihat hozirjavob bo‘lish masalalarini tahlil qilish;
  • ham davlat, ham xususiy sektorda boshqaruv tizimlarini raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish yuzasidan izlanishlar olib borish;
  • yuridik amaliyotni o’rganish, elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
  • kelajakda shu kabi muammolarga hamjihatlik bilan javob berish uchun milliy va umumbashariy normativ hujjatlarni shakllantirish zaruriyatini baholash;
  • koronainqirozni yengish bo’yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishga oid xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish masalalari muhokamasi;
  • globallashuv jarayonining ijobiy natijalarini saqlab qolish istiqbollarini tahlili;
  • koronavirus tarqalishining salbiy ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirini yumshatish yo’llarini muhokama qilish;
  • pandemiyaning Markaziy Osiyo davlatlari va ularning nomintaqaviy  sheriklari tashqi siyosat yo‘nalishlariga ta’siri borasida fikr almashish.

Konferensiya ishtirokchilari:

  • Akademik hamjamiyat
  • Parlament a’zolari
  • Tadqiqot markazlari mutaxassislari
  • Xalqaro ekspertlar

O‘tkazilish sanasi va joyi: 16-17 sentabr, onlayn (Roʻyxatdan oʻtish)

Tashkilotchilar:

  • Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
  •  O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati

Elektron pochta manzili: g.ismailova@uwed.uz

Axborotni qo'llab-quvvatlash: www.senat.uz, www.uwed.uz

Konferensiyaning yakuniy hujjatlari:

Konferensiya natijalari bo’yicha, tanlangan ma’ruzalar asosida, amaliy tavsiyalarni o’z ichiga oluvchi jamoaviy to’plam nashr etiladi. Ushbu nashr keng doiradagi manfaatdor tashkilotlarga taqdim etiladi.

Konferentsiya materiallari to'plami va amaliy tavsiyalar Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oliy Majlis va boshqa manfaatdor milliy va xalqaro tuzilmalarga yuboriladi.


Videokonferensiya dasturi