Test Title

Test Title

    JIDU talabalari uchun “Inson huquqlari” fanidan master-klass o‘tkazildi

    JIDU talabalari uchun “Inson huquqlari” fanidan master-klass o‘tkazildi

    Joriy yilning 13-mart va 2-aprel kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti 3-bosqich talabalari uchun “Inson huquqlari” fani doirasida master-klass tashkil etildi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamotov va Xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sultonov Nodir ishtirok etdi. Master-klass davomida inson huquqlarini ta’minlashning milliy va xalqaro mexanizmlari, ularning o‘zaro uyg‘unligi va amaliyotda qo‘llanilishi atroflicha yoritildi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi batafsil muhokama qilindi. Tadbirda inson huquqlari sohasida uchraydigan dolzarb masalalar, jumladan, huquqlarni ta’minlash mexanizmlarining samaradorligi, institutsional hamkorlik va tahlil-tashxis ishlarining ahamiyati muhokama qilindi. Master-klass interaktiv shaklda o‘tkazilib, talaba­lar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi, bu esa tadbirning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi. Ushbu master-klass talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, tahliliy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda inson huquqlari sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan kengroq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi.

    “Bugungi kundagi yoshlar oldidagi vazifalar” mavzusida Rahbar va Yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    “Bugungi kundagi yoshlar oldidagi vazifalar” mavzusida Rahbar va Yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 2-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida har haftaning payshanba kuni an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yoshlar kuni” doirasida Mirzo Ulug‘bek tumani hokim o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar masalalari boshqarmasi boshlig‘i Sh. Shakirova ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad bugungi kunda yoshlar oldida turgan ustuvor vazifalarni muhokama qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, ta’lim, bandlik va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishdan iborat bo‘ldi. Mazkur tadbirda universitet Xotin-qizlar maslahati kengashi raisi hamda Yoshlar ishlari ofisi xodimlari ham faol ishtirok etdilar. Davra suhbati davomida so‘zga chiqqan Sh. Shakirova mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishi, xorijiy tillarni o‘rganishi hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishi zarurligi alohida ta’kidlandi. Tadbir jarayonida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar tinglandi hamda ularni qiziqtirgan savollarga Sh. Shakirova tomonidan atroflicha va asosli javoblar berildi. Bu esa yoshlar va mas’ul rahbar o‘rtasida ochiq muloqot muhitini shakllantirishga xizmat qildi. Davra suhbati yakunida bugungi kunda yoshlarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilgani, ular o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yib, bilim va salohiyatini doimiy ravishda oshirib borishi zarurligi qayd etildi. Shuningdek, yoshlarning jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi, Vatanga sadoqat ruhida faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Yakuniy xulosa sifatida, mazkur tadbir yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

    “Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot keng muhokamalar ruhida o‘tkazildi

    “Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot keng muhokamalar ruhida o‘tkazildi

    2026-yil 1-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Batareykalar.uz loyihasi hamkorligida o‘tkazilib, unda talaba-yoshlar, ekspertlar, jamoatchilik faollari va ekologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupdjanovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U o‘z nutqida global ekologik muammolar tobora kuchayib borayotgan bir paytda yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda mas’uliyat hissini shakllantirish muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ekologik diplomatiya bugungi kunda davlatlararo hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanganini qayd etdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Bahriddin Turdiyevich Xofizov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ekologik siyosatni rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U yoshlarning ekologik loyihalarda ishtirokini kengaytirish muhimligini alohida urg‘uladi. Tadbir davomida bir qator muhim va dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Mohinur Ergash o‘z chiqishida “Ekologik madaniyat va mediadagi mas’uliyat: jamiyatda ekologik ongni shakllantirishda yoshlarning o‘rni” mavzusini yoritdi. U zamonaviy axborot makonida ekologik masalalarni to‘g‘ri yoritish, feyk xabarlarning oldini olish hamda yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi orqali ekologik madaniyatni targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ekologik jurnalistika va kontent yaratishda mas’uliyat masalasi keng muhokama qilindi. Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasi raisi Lobarxon Jalolova “Global ekologik maydonda yoshlar ovozi: Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasining roli va strategik maqsadlari” mavzusida ma’ruza qilib, xalqaro maydonda yoshlarning ishtiroki tobora ortib borayotganini qayd etdi. U qo‘mita faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar, xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda kelgusidagi strategik rejalar haqida batafsil to‘xtaldi. Ayniqsa, transchegaraviy ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning o‘rni alohida e’tirof etildi. Feruzbek Sayfullayev o‘z ma’ruzasida “Kichik batareyka – katta xavf: atrof-muhitni ‘ko‘rinmas’ zaharlanishdan asrash” mavzusini yoritib berdi. U maishiy chiqindilar, xususan ishlatilgan batareykalarning tuproq va suv resurslariga salbiy ta’siri haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar keltirdi. Batareykalarni to‘g‘ri utilizatsiya qilish, ularni alohida yig‘ish tizimini rivojlantirish hamda aholining bu boradagi xabardorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Batareykalar.uz loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunida talabalar va mutaxassislar o‘rtasida savol-javoblar tashkil etildi. Ishtirokchilar ekologik muammolarni hal etish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik harakatlarini rivojlantirish hamda innovatsion “yashil” loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, universitet miqyosida chiqindilarni saralash tizimini joriy etish, ekologik aksiyalarni kengaytirish va media loyihalar orqali ekologik targ‘ibotni kuchaytirish takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur tadbir ekologik diplomatiya, barqaror rivojlanish va yoshlar tashabbuslari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yana bir bor namoyon etdi. Ochiq muloqot yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish, ularni global va mahalliy ekologik muammolar yechimiga faol jalb etish, shuningdek, turli tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar ishtirokida xotira surati olindi va kelgusida bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida JIDU talabalari uchun ma’ruza tashkil etildi

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida JIDU talabalari uchun ma’ruza tashkil etildi

    2026-yil 31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi binosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun “Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida Konstitutsiyaviy sud” mavzusida ma’ruza bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomovning taklifiga binoan “Konstitutsiyaviy huquq” fani doirasida “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etildi. Tadbirni PhD, kafedra mudiri Kodirova Nargiza, PhD, dotsent Isroilova Zarina, PhD, dotsent Xamdamova Shirin, shuningdek o‘qituvchilar Azizova Nigina, Xallakova Aziza va Murodova Durdona olib bordilar. Tadbirda “Xalqaro huquq” fakultetining 1-bosqich talabalari hamda kafedra professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar. Ma’ruzani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, yoshlarga xizmat ko‘rsatgan murabbiy, yuridik fanlar nomzodi M.E. Abdusalomov ochib berdi. U o‘z nutqida bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy tafakkuri, konstitutsiyaviy madaniyati va kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri, mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ulardan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-253-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Mazmunli ma’ruzalar bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi A. Rahmanov “Inson huquqlarining ustuvorligi va Konstitutsiyaviy sud vakolatlarining kengaytirilishi – zamon talabi” mavzusida, shuningdek konstitutsiyaviy qonunchilikni tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Sh. Ruzinazarov “Konstitutsiyaviy adolat va qonuniylikni ta’minlash – ijtimoiy davlat rivojining asosi” mavzusida chiqish qildilar. Talabalarga Konstitutsiyaviy sud faoliyati, uning vakolatlari, ishlarni ko‘rib chiqish tartibi, fuqarolarning murojaat qilish huquqi, shuningdek Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida talabalar sud faoliyatiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt elementlarini joriy etish, xalqaro hamkorlik hamda konstitutsiyaviy nazoratning amaliy mexanizmlariga oid qator dolzarb savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan atroflicha javoblar talabalarning mavzu bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamladi. Mazkur tadbir nazariy ta’lim bilan huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga, talabalarda kelajak kasbiy faoliyatiga nisbatan chuqurroq tasavvur shakllanishiga xizmat qildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huquq sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim shakllarini faol rivojlantirishda davom etmoqda.

    JIDUda “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til ta'limi va tarjima masalalari" mavzusida XVI anʼanaviy ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til ta'limi va tarjima masalalari" mavzusida XVI anʼanaviy ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

    2026-yilning 28-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbek va rus tillari kafedrasi hamda Yevropa va turkiy tillar kafedrasi tomonidan  til ta’limi masalasi, tarjima  va o‘qitishning  zamonaviy usullariga  bag‘ishlangan “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til ta'limi va tarjima masalalari" mavzusidagi XVI anʼanaviy ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda JIDU professor-oʻqituvchilari, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Termiz davlat universiteti, "Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqotlar universiteti mutaxassislari, tayanch doktorantlar, mustaqil-izlanuvchilar, konferensiya mavzusi doirasida ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar va  magistrantlar ishtirok etdi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli qarori ijrosini ta’minlash, JIDUda ilm-fanni yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati va tashqi siyosati uchun malakali kadrlarni tayyorlashda ularning ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish maqsadida tashkil etildi. Tadbirni kirish so‘zi bilan boshlab bergan  O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri Mexribon Abduraxmanova ushbu anjumanning 16 yillik boy an’analari haqida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z nutqida mazkur ilmiy uchrashuv yillar davomida universitetimizda o‘ziga xos tajriba maktabiga aylanganini alohida e’tirof etdi. M. Abduraxmanova kafedralararo hamkorlikning ahamiyatini qayd etar ekan, til o‘rgatish va professional tarjima masalalari bo‘lajak diplomatlar tayyorlashning ajralmas qismi ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu konferensiya nafaqat tajribali ustozlar, balki sohadagi yosh izlanuvchilar uchun ham erkin muloqot va yangi bilimlar maydoni bo‘lib xizmat qilayotganini g‘urur bilan qayd etdi. Shundan so‘ng, Akademik va o‘qituvchilar ishlari ofisi boshlig‘i U. Dustov so‘zga chiqib, globallashuv jarayonlari hamda zamonaviy dunyoda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar ta’lim tizimi vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda zamonaviy kadrlar nafaqat fundamental nazariy bilimga, balki strategik fikrlash, raqamli diplomatiya va madaniy muloqot ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishi lozimligiga alohida urg‘u berdi. Konferensiya davomida jahon andozalariga mos zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish, o‘qitishning noan’anaviy va samarali usullarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, globallashuv sharoitida ko‘p tilli ta’limni rivojlantirish, tarjimonlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish, sinxron tarjimani o‘quv dasturlariga tatbiq etish hamda ushbu yo‘nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim jarayoniga samarali integratsiyasi, undan oqilona va maqsadli foydalanish tamoyillarini ishlab chiqish dolzarb vazifa ekanligi ta'kidlandi. Xususan, sun’iy intellektdan foydalanishda akademik halollikni ta’minlash, ma’lumotlar xavfsizligini kafolatlash hamda o‘qitish jarayonida uning yordamchi vosita sifatida qo‘llanishi lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, lingvistik korpuslar yaratishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqish, milliy til korpuslarini shakllantirish, ularni ta’lim va ilmiy tadqiqotlarda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish, elektron resurslar va raqamli ta’lim platformalarini yaratish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli xulosalar ishlab chiqildi.

    JIDU talabalari O‘zbekistondagi Grek milliy madaniy markaziga tashrif buyurdilar

    JIDU talabalari O‘zbekistondagi Grek milliy madaniy markaziga tashrif buyurdilar

    2026-yil 29-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari Ingliz tili kafedrasi o‘qituvchilari Voxidova N.N., Abdullayeva L.A., Muratova M.S. hamda Fulbright ETA dasturi sovrindori Taylor Nauflett bilan birgalikda Toshkent shahrida joylashgan O‘zbekistondagi Grek milliy madaniy markaziga tashrif buyurib, Gretsiya Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etdilar. Tashrif chog‘ida markaz raisi Konstantinos Politis mehmonlarni samimiy kutib olib, ushbu tadbir Yunoniston Mustaqillik kuni munosabati bilan tashkil etilganini ta’kidladi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda ellinizm tarixi haqida batafsil so‘z yuritib, uning mintaqa madaniyati va tiliga ko‘rsatgan ta’siri, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv jarayonlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi. Tadbir Gretsiyaning O’zbekistondagi elchisi Paraskevi Tzevelek tomonidan ochib berildi. Tadbir davomida yunon milliy raqslari va qo‘shiqlari ijro etildi, vatanparvarlik ruhidagi she’rlar o‘qildi. Shuningdek, qadimgi yunon adabiyotining nodir namunasi — Gomerning “Iliada” asari asosida sahnalashtirilgan Odisseyning sarguzashtlari tadbir mehmonlariga namoyish etildi. Tashrif davomida talabalar yunon madaniyatining shakllanish bosqichlari, uning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni hamda milliy urf-odatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Uchrashuv talabalarda katta qiziqish uyg‘otib, ularda boshqa xalqlar madaniyatiga nisbatan hurmat va qiziqishni yanada mustahkamladi. Ko‘plab talabalar uchun bu kabi madaniy muhit bilan yaqindan tanishish yangi tajriba bo‘ldi. Mazkur tashrif talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda ularning umumiy madaniy saviyasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.