JIDU talabalari Mehmet Akif Ersoy universitetida (Turkiya) turk tilini o‘rgatish kursida qatnashdilar
JIDU talabalari Mehmet Akif Ersoy universitetida (Turkiya) turk tilini o‘rgatish kursida qatnashdilar
2024-yil 28-dekabrdan 2025-yil 6-yanvargacha Burdur shahrida (Turkiya) turk tilini o‘rganayotgan JIDU talabalari uchun turk tili bo‘yicha 10 kunlik intensiv o‘quv kursi tashkil etildi. O‘quv kursi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Turkiyaning Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti (MAKU) o‘rtasidagi akademik hamkorlik doirasida o‘tkazildi.
MAKU turk ta’lim markazida o‘tkazilgan 10 kunlik intensiv kurslarda JIDUning 10 nafar talabalari hamda JIDU “Roman-German tillari” kafedrasi mudiri V.A. Mamatqosimova boshchiligida professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir dasturiga ko‘ra, JIDU talabalari Turkiyaning MAKU universiteti o‘qituvchilari va tilshunoslari ko‘magida til bilimlarini oshirishga muvaffaq bo‘lishdi, shuningdek, Burdur tarixi va madaniyati bilan batafsil tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, o’quv kursi doirasida Mehmet Akif Ersoy universiteti rektori, doktor Huseyin Dalgar bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida rektor O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va ilmiy aloqalarni mustahkamlash tendensiyalariga to’xtalib o’tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MAKU universiteti hozirda O‘zbekistonning 20 ta oliy ta’lim muassasalari bilan shartnoma va memorandumlar asosida hamkorlik qilib kelmoqda; Birgina MAKU universitetida 70 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Rektor H.Dalgar JIDU bilan akademik almashinuvni chuqurlashtirishdan manfaatdorligini bildirdi va amaliy bosqichga o‘tish va ikki universitetda axborot almashinuvini kengaytirish maqsadida qo‘shma kafedralar ochishni taklif qildi.
JIDU “Roman-German tillari” kafedrasi vakillari malaka oshirish kurslari bilan bir qatorda turkiyalik hamkasblari bilan chet tillarini kasbiy yo‘naltirilgan holda o‘qitish, ularni o‘rganishning umumiy masalalari bo‘yicha hamkorlikda izlanishlar olib borish bo‘yicha fikr va tajriba almashishdi, tarjima amaliyoti va barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘qitishga integratsiya qilish masalalarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega bo’ldilar.