JIDUda “UWED WEEK” haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

JIDUda “UWED WEEK” haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “UWED WEEK” haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “UWED WEEK” haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

    2025-yil 18-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yoshlarning ijodiy salohiyatini, intellektual rivojini va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “UWED WEEK” haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda universitet rahbariyati, jumladan, Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O. Yusupdjanov, rektor maslahatchisi A. Turdimatov, fakultet dekan muovinlari, fakultet tyutorlari, JIDU Yoshlar Ittifoqi raisi hamda talabalar ishtirok etdilar.

    Ushbu haftalikning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yilgi "UWED WEEK" doirasida birinchi marotaba Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik doirasida tashkil etilgan Harbiy-Vatanparvarlik klubi yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim qadam bo‘ldi.

    Tadbirni ochib berish uchun so‘zga chiqqan Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O. Yusupdjanov haftalikning ahamiyatini, talabalarning faolligi va ijodkorligini yuksaltirishdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi. U ushbu haftalikni “Talabalar bahor festivali” doirasida tashkil etilayotganligini ta’kidlab, yoshlarga omad va yangi zafarlar tiladi.

    Shundan so‘ng, O. Yusupdjanov universitetda faoliyat yuritayotgan 10 dan ortiq talabalar klubi rahbarlariga ramziy bayroq topshirdi. Jumladan, quyidagi klublar "UWED WEEK" doirasida faol ishtirok etishi ta’kidlandi:

    • “Zakovat” klubi

    • “Vatanparvarlik” klubi

    • “Quiztopia” klubi

    • “Shaxmat” klubi

    • “Intellectual Game” klubi

    • “Artbranch” klubi

    • “Diplomatic Synergy” klubi

    • “Book club” klubi

    • “Pazanda qizlar” klubi

    Tadbirda mehmon sifatida Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan professor Wang Weihong so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlik, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va har ikki davlatda olib borilayotgan yoshlar siyosati haqida fikr bildirdi.

    Shuningdek, tadbir davomida JIDU huzurida tashkil etilgan Inkubatsiya markazi rahbari ham o‘z taqdimoti bilan ishtirok etib, talabalar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar, innovatsion loyihalar va startap tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

    Mazkur ochilish marosimi bilan “UWED WEEK” haftaligiga rasmiy start berildi. Bunday tadbirlar talabalarning ijodiy salohiyatini va faolligini yuksaltirishda, ular orasida do‘stlik va hamkorlik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.