
JIDUda TIDA debat turnirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
JIDUda TIDA debat turnirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 12-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida UWED Week doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan TIDA debat turnirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusupdjanov tadbirni ochar ekan, yoshlarning ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi. U barqaror kelajakni shakllantirishda va kelgusi avlodlar uchun tabiatni saqlab qolishda aynan yosh avlod hal qiluvchi rol o‘ynashini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi A.Hamzayev ushbu turnir nafaqat g‘oyalar almashish maydoni bo‘lib xizmat qilishiga, balki mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarga turtki bo‘lishiga umid bildirdi. “Bugun biz nafaqat ekologiya muammolarini muhokama qilmoqdamiz, balki ularni hal etish yo‘llarini izlamoqdamiz. Har biringiz kundalik hayotingizdagi oddiy harakatlardan boshlab o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin,” dedi u.
Ushbu turnir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil “Atrof-muhitni himoya qilish va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilingan tashabbus asosida tashkil etildi.
Uning asosiy maqsadi yoshlarni ekologiya, barqaror rivojlanish va yashil texnologiyalar masalalariga jalb qilishdir. Ishtirokchilar ekologik masalalarni muhokama qilib, ularni hal qilish yo‘llari bo‘yicha fikr va g‘oyalar bilan chiqishadi.
Turnir amerika usulidagi debatlar formatida o‘tkaziladi, bu esa qatnashchilarga yuqori darajadagi intellektual kurashda qatnashish imkonini beradi. Jamoaviy debatlarda ishtirokchilar o‘z fikrlarini himoya qilishadi, fikr almashadilar va ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqadilar.
Mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha o‘zlarining innovatsion g‘oyalarini taqdim etishi mumkin bo‘lgan talabalar va yosh mutaxassislarga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuni ta’kidlash joizki, TIDA debat turniri 19-aprelga qadar davom etadi.