
JIDUda Fuqarolik va iqtisodiy protsessual huquqda apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Fuqarolik va iqtisodiy protsessual huquqda apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida va talabalarning apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida joriy yil 25-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mahorat darsi o‘tkazildi.
Darsda Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor Umid Saydakhmedov, shuningdek, “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy -huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Xalqaro huquq” fakultetining 3-bosqich talabalari ishtirok etdi.
Professor U. Saydakhmedov sudlov jarayonining samarali va adolatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan huquqiy asoslar va amaliyotlar bilan tanishtirib, sud tizimining rivojlanish istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Mahorat darsi davomida sudya apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ish yuritish tartibi va o`ziga xos tomonlari, shuningdek sohada o`zgarishi kutilayotgan yangiliklar to`g`risida batafsil tushuncha berdi. Shu bilan birgalikda, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasining ilg`or tajribaga ega rivojlangan davlatlarning tajribasi va ularning zamonaviy huquqiy amaliyotdagi o‘rni keng muhokama qilindi. Ushbu tajriba, ayniqsa, huquqshunoslar va sud tizimi bilan bog‘liq mutaxassislar uchun katta ahamiyatga ega, chunki bu jarayonlar samarali sud amaliyotlarini shakllantirish va huquqiy tizimni takomillashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Talabalar muhokama qilingan mavzularga katta qiziqish bildirib, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ish yuritishning o`ziga hos jihatlari bo‘yicha turli savollar berib, mutaxassisdan batafsil javoblar oldilar.
Ushbu mahorat darsi Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi – “Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko‘maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni ta’minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish”, xususan, 16.3 band – “Qonun ustuvorligiga ko‘maklashish hamda barcha uchun odil sudlovdan foydalanish bo‘yicha teng imkoniyatlarni ta’minlash” tamoyillariga mos keladi.
Mazkur mahorat darsi talabalarning apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tartibi bo‘yicha chuqur bilimlarni shakllantirishga, talabalarning zamonaviy huquqiy amaliyotlarga tayyorlashga va ularni barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim rol o‘ynashga yordam beradi.