JIDUda “Vatan” ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy jurnalining maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi

JIDUda “Vatan” ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy jurnalining maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Vatan” ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy jurnalining maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Vatan” ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy jurnalining maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 19-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ilmiy, akademik va siyosiy doiralarda tobora ommalashib borayotgan “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy jurnalining ingliz tilidagi maxsus sonining taqdimoti o‘tkazildi.

    Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari, faxriy diplomatlar, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik korpusi va vakolatxonalari rahbarlari (videokonferensaloqa orqali), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari, shuningdek, ilmiy va akademik muassasalar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy va mahalliy OAV vakillari, JIDU professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etdi.

    Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochar ekan, ushbu nashrning ahamiyatini ta’kidlab, jurnal ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, san’at va tarix sohalaridagi muhim masalalarni muhokama va tahlil qilish minbariga aylanganini qayd etdi.

    Jurnalning ingliz tilida chop etilishi esa Yangi O‘zbekiston qiyofasini ilmiy-akademik formatda xalqaro hamjamiyatga namoyish etishda muhim vositaga aylanmoqda.

    O‘zbekiston Oliy Majlis Senati a’zosi, jurnal bosh muharriri Husan Ermatov o‘z so‘zida “Vatan” jurnali olimlar, siyosatchilar, ilmiy tadqiqotchilar, tahlilchilar uchun o‘z g‘oya va qarashlarini ifoda etishda yaqin ko‘makchi o‘laroq maydonga chiqqanini aytib, nashr barcha uchun ochiq ekanligini ta’kidladi.

    Tadbir davomida mehmonlar jurnalning ingliz tilidagi maxsus sonining video taqdimoti bilan tanishdilar.

    Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yu Jun o‘z nutqida "Vatan" jurnali o‘zining sermazmunligi bilan ajralib turishi, O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy islohotlardagi yutuqlarini, uning ochiq va ijobiy xalqaro imijini namoyish etishini ta’kidladi. “Bu yangi O‘zbekiston qurilishi va mamlakatning o‘ziga xos madaniyatini tushunish uchun muhim oynadir” – dedi Elchi.

    O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan ushbu jurnal Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy kontent yaratish xususidagi topshiriqlari o‘laroq dunyoga kelgan.

    Jurnal sahifalaridan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, mintaqaviy hamkorligi va xalqaro maydondagi o‘rni, tarixi, buguni va ertasi borasida keng va chuqur mushohada bilan yozilgan maqolalar o‘rin olgan.

    Ingliz tilidagi maxsus son sahifalari ozarbayjon shoiri Akif Bag‘irning “O‘zbek kelayotir...” nomli tantanavor she’ri bilan boshlanadi.

    Sahifalarda Qudratilla Rafiqovning «O‘zbekistondan Yangi O‘zbekistongacha yo‘qotilgan qalbni izlab», Farhod Tolipovning «Markaziy Osiyo mintaqaviy integratsiya konsepsiyasi, modeli va dinamikasi», G‘aybulla Boboyorov va Farhod Maqsudovning «“O‘zbek” etnonimi: Millatimiz nomi qanday paydo bo‘lgan?», Elmira Gulning «Naqshlarga singgan xalq tafakkuri», Sergey Abashinning «Kolonizatsiya va postkolonizatsiya: Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi», Jamshid Muslimovning «Millat: Biz uni qanday tushunamiz yoki tushunmog‘imiz kerak?», Shamsiddin Kamoliddinning «Tarixiy xaritalarda O‘zbekiston» sarlavhali maqolalari chop etilgan.

    Taqdimotda har bir mehmonga “Vatan” jurnalining maxsus soni taqdim etildi.

    Tadbir «Navro‘z» sayliga ulanib ketdi.