Xalqaro xususiy huquqda intellektual mulk huquqi bo‘yicha mahorat darsi

Xalqaro xususiy huquqda intellektual mulk huquqi bo‘yicha mahorat darsi

    Xalqaro xususiy huquqda intellektual mulk huquqi bo‘yicha mahorat darsi

    Xalqaro xususiy huquqda intellektual mulk huquqi bo‘yicha mahorat darsi

    Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni amalga oshirish doirasida va talabalar intellektual mulk huquqi bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida joriy yil 10-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mahorat darsi o‘tkazildi.

    Tadbirda Legalmax yuridik firmasining boshqaruvchi hamkori, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, tijoratlashtirish va himoya qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassis, advokat, patent ishonchli vakili, Xalqaro tovar belgilari assotsiatsiyasi (INTA) kontrafaktga qarshi kurash qo‘mitasi a’zosi Mahmudov Muhammadali, shuningdek, Fuqarolik huquqi va xususiy xalqaro-huquqiy fanlari kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda Xalqaro huquq” fakultetining 3-bosqich talabalari ishtirok etdi.

    Mahorat darsi davomida Mahmudov Muhammadali intellektual mulkning asosiy obyektlari – sanoat mulki va mualliflik huquqi haqida batafsil tushuncha berib, ularning ahamiyatini amaliy misollar va huquqiy holatlar asosida tushuntirib berdi. Shuningdek, intellektual mulkni tartibga soluvchi xalqaro-huquqiy hujjatlar va ularning zamonaviy huquqiy amaliyotdagi o‘rni keng muhokama qilindi.

    Kontrafaktsiz oy doirasida mutaxassis kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurash va intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Xalqaro va milliy darajada kontrafaktsiyaga qarshi kurashning asosiy mexanizmlari tahlil qilinib, haqiqiy huquqiy holatlar misolida samarali himoya strategiyalari muhokama qilindi.

    Talabalar muhokama qilingan mavzularga katta qiziqish bildirishdi, intellektual mulk huquqining amaliy jihatlari bo‘yicha turli savollar berib, mutaxassisdan batafsil javob oldilar.

    Mazkur mahorat darsi talabalar uchun muhim ta’limiy platforma bo‘lib, ularga intellektual mulk sohasidagi yetakchi mutaxassisdan noyob tajriba olish, shuningdek, kasbiy kompetensiyalar va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini berdi. Ishtirokchilar bunday tadbirlar zamonaviy huquqiy muammolar va intellektual huquqning xalqaro maydondagi istiqbollarini chuqurroq tushunishga yordam berishini ta’kidladilar.

    Ushbu mahorat darsi Barqaror rivojlanishning 17-maqsadi (BRM) – “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik”, xususan, 17.6-band – “Fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni mustahkamlash hamda ularga kirish imkoniyatini kengaytirish” tamoyillariga mos keladi. Mazkur tadbir xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, ilmiy va huquqiy bilim almashinuvini kengaytirishga hamda intellektual mulk huquqi sohasida ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.